9 Noyabr 2025 yil 266

Xorazm viloyati IIB rahbariyatining navbatdagi sayyor qabuli viloyat markazidan eng olis hududda o‘tkazildi

2025-yil 9-noyabr kuni Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan aholining muammolarini joyida o‘rganish, ularni qiynayotgan masalalarga amaliy yechim topish hamda fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi.

Bu galgi sayyor qabul viloyat markazidan 170 kilometr uzoqlikda joylashgan chekka hudud — Tuproqqalʼa tumanining Tuproqqalʼa massivida tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi — aholining murojaatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinglash, joylardagi muammolarni o‘rganish va ularning yechimini tezkorlik bilan taʼminlashdan iborat bo‘ldi.

Qabul davomida fuqarolar tomonidan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid, shuningdek, ijtimoiy, mehnat va huquqiy yo‘nalishlardagi murojaatlar bildirildi. Rahbariyat har bir murojaatni sinchiklab tinglab, ayrim masalalar bo‘yicha joyida huquqiy tushuntirishlar berdi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etgan murojaatlar esa tegishli bo‘linmalar rahbarlariga topshirilib, nazoratga olindi.

Sayyor qabul yakunlanganidan so‘ng, Tuproqqalʼa massivida joylashgan xonadonlarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, aholining ijtimoiy ahvoli, shuningdek, hududda jinoyatlarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar manzilli tarzda o‘rganildi. Masʼul xodimlarga aniqlangan masalalar yuzasidan zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Mazkur sayyor qabul aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, muammolarni joyida hal etish va profilaktika tizimidagi ishlarni takomillashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Bugungi kunda eng chekka hududlardagi fuqarolarning ham murojaati va ularning manfaatlari doimo eʼtiborda desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech