Xizmat vazifasini bajarish paytida qahramonlarcha halok bo‘lgan kapitan Bahodir Matrizayevning turmush o‘rtog‘i Gulnora Allaberganova: MEN BAXTIYOR ONAMAN!
Turmush o‘rtog‘im kapitan Bahodir Matrizayev Urganch tarmoq IIB jinoyat qidiruv guruhida katta tezkor vakil lavozimida xizmat qilardi. O‘sha mudhish voqea sodir bo‘lgan kun u Hazorasp temir yo‘l bekatida xizmat vazifasini o‘tayotgandi. Ekstremistik oqim taʼsiriga tushib qolgan jinoiy guruh bilan kutilmaganda to‘qnashib qolgan. Afsus, u qurollangan xavfli jinoyatchilarni qo‘lga olishda qaxramonlarcha halok bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq II-darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlandi. Mana o‘sha mudhish voqea sodir bo‘lganiga ham 24 yildan oshdi. Farzandlarimni ham ona, ham ota o‘rnida tarbiyaladim. Ularni el-yurt koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyalashga astoydil harakat qildim. Yaratganga ming shukrki, ular birin ketin ulg‘ayishdi, kamolga yetishdi.
Prezidentimizning “Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilishni yana-da kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori biz kabi o‘ksik qalblarga malham bo‘ldi. Farzandlarim O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tavsiyanomasi bilan oliy o‘quv yurtlariga davlat granti asosida imtiyozli qabul qilindi. Ayni kunda to‘ng‘ich o‘g‘lim Transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi xodimi, safdor Shokirjon Matrizayev IIV Akademiyasining sirtqi bo‘limi, kenja farzandim Hurmatbek Matrizayev esa Toshkent davlat yuridik universiteti bitiruvchilaridir. Farzandlarim ota kasbini davom ettirishga ahd qilishgan ekan, men bundan juda baxtiyorman. Axir ular el koriga yaragan ekan, quvonmay, faxrlanmay bo‘ladimi.
Fursatdan foydalanib, yurtimiz osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli kasb egalari bo‘lgan Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oilalariga sog‘lik-omonlik tilayman. Doimo xalqimizning eʼtibori va eʼtirofida bo‘lishsin!
Gulnora ALLABERGANOVA,
Xorazm viloyati Hazorasp tumani.