Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Ravshan Irkinovich Sultanxodjayevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan ichki ishlar organlarining barcha xodimlarini, aziz faxriylarimizni hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan hamkasblarimizning oila aʼzolarini samimiy tabriklayman.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasi xalqimizning ko‘p yillik orzu-intilishlarini, mustaqil davlatchiligimizning huquqiy asosini o‘zida mujassam etgan oliy hujjat sifatida barchamiz uchun qadrlidir.
Asosiy qomusimiz bo‘lgan Konstitutsiya huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish hamda yurtimizning dunyoda munosib o‘ringa ega bo‘lishida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda inson qadr-qimmati va manfaatlarini taʼminlash bo‘yicha boshlagan islohotlar yangi konstitutsiyaviy makonda yana-da qatʼiy davom etmoqda. Asosiy qonunimizda o‘z aksini topgan tamoyillar hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.
Yangi Konstitutsiya orqali har bir insonning shaʼni va qadr-qimmati huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Yurtimizning insonparvar, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi huquqiy asoslandi. Xalqimiz muallifligida ishlab chiqilgan Yangi O‘zbekistonning Yangi Konstitutsiyasi mamlakatimiz taraqqiyoti, fuqarolarimiz turmush tarzini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, Sizlarni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan qutlab, hammangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Ushbu ulug‘ va qutlug‘ sana munosabati bilan barchalaringizga, Konstitutsiya va qonunlarimizning so‘zsiz bajarilishini taʼminlash, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, mustaqil Vatanimizning porloq kelajagini mustahkamlash yo‘lida olib borayotgan sharafli va mashaqqatli ishlaringizga ulkan zafarlar tilab qolaman.
Hurmat bilan,
Xorazm viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik
Ravshan Irkinovich Sultanxodjayev