31 Dekabr 2024 yil 749

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayevning Yangi yil bayrami munosabati bilan yo‘llagan TABRIGI

 Qadrli ichki ishlar organlari xodimlari!

Hurmatli faxriylar!

O‘z hayotini fuqarolarimizning tinchligi va osoyishtaligi, huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, jamiyatimizda qonun ustuvorligini taʼminlashdek sharafli va masʼuliyatli ishga bag‘ishlab kelayotgan ichki ishlar organlari xodimlari,  muhtaram faxriylarimizni hamda xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan kasbdoshlarimizning oila aʼzolarini kirib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan samimiy tabriklayman.

Yurtimiz o‘tgan qisqa davr ichida, o‘zining ochiq siyosati hamda izchil islohotlari bilan mintaqamizdagi yirik siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazga aylanib, xalqaro maydondagi obro‘ – eʼtiborini tobora mustahkamlab bormoqda.

Jamiyatimizda kechayotgan tub islohotlar jarayonida ichki ishlar organlari faoliyatini ham bugungi davr talabi va xalq xohish-irodasini eʼtiborga olgan holda takomillashtirish, qayta isloh qilish borasida katta muvaffaqiyatlarga erishildi.

Bu borada yakuniga yetayotgan 2024 yilda Xorazm viloyatida tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish hamda ijtimoiy profilaktika yo‘nalishida, aholining ijtimoiy muammolarini bartaraf etish va turmush tarzini yaxshilashda yaqindan ko‘maklashish, iqtisodiyot va sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning zamirida ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan har bir xodim o‘zining munosib hissasini qo‘shdi desam ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

Viloyatimiz ichki ishlar organlari xodimlari o‘z faoliyatini keng jamoatchilik va hamkor tashkilotlar bilan  xorazmliklar taʼbiri bilan aytganda “og‘zi birchilikda” amalga oshirdi.

Biz birlashgan jamiyat ulkan marralarni zabt etishi mumkinligini amalda isbotlamoqdamiz. Xususan, tarix zarvaraqlariga kirayotgan 2024 yilda viloyatimizda amalga oshirilgan quyidagi ijobiy tajribalar va tashabbuslar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

Ilk marotaba Xiva tumanining Istiqlol mahallasida “Raqamli xavfsiz mahalla” dasturi asosida o‘rnatilgan kuzatuv kameralarining samaradorligi Davlatimiz rahbarining mazkur mahallaga tashrifi doirasida yuqori baholanib, ushbu dasturni respublikamiz bo‘ylab keng joriy etish tavsiya qilindi. Shuningdek, Muhtaram Prezidentimizning Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida ham Xiva tumanining Istiqlol mahallasida amalga oshirilgan ishlar namuna sifatida belgilanganligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada g‘oya tashabbuskori sifatida viloyatimizdagi shahar-tuman ichki ishlar organlari tomonidan barcha mahallalarda shaxsni va transport vositalarini identifikatsiya qiluvchi so‘nggi rusumdagi kuzatuv kameralarini o‘rnatish va “Xavfsiz shahar” kuzatuv markaziga integratsiya qilish jarayonlarini to‘liq yakunlash arafasidamiz.

Sohaga raqamli texnologiyalarni jalb etish tizimda xizmat va ijro intizomini mustahkamlashi shubhasiz. Shu o‘rinda viloyat ichki ishlar boshqarmasining sohaviy tuzilmalarida faoliyat olib borayotgan malakali xodimlarning tashabbusi bilan raqamli dasturlar yaratilayotganligini faxr bilan taʼkidlab o‘tmoqchiman.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash, ijtimoiy hayotda ayollar ishtirokini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan aniq chora-tadbirlar natijasida ichki ishlar tizimida xizmat qilayotgan xotin-qizlarning safi ortib borayotganligi barchamizni xursand qiladi.

Kundalik ijtimoiy hayotidagi turli nostandart vaziyatlar sababli tushkunlikka tushib qolgan ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida viloyat, shahar-tuman ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlarimizning taklifi bilan joriy etilgan “Men kuchli ayolman” loyihasi ham bir qancha opa-singillarimizning hayotda o‘z o‘rnini topishiga imkon yaratdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Shuningdek, voyaga yetmagan bolalar xavfsizligini nazarda tutuvchi “Xavfsiz bolalik” konsepsiyasi asosida joriy etilgan “Kelajak sari” loyihasi doirasida bir oylik maxsus reja-dastur bo‘yicha 60 nafardan ortiq, tarbiyasi og‘ir 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qayta tarbiyalab, sog‘lom turmush tarziga va oilasi bag‘riga qaytarishga erishganligimiz ham barchamizning birgalikdagi yutug‘imizdir.

Kuni kecha mazkur ikkita ijtimoiy-profilaktik loyihaning navbatdagi bosqichi yakunlanishiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etgan jamoatchilik vakillari mazkur loyihalar juda muhim va hayotiy ekanligining guvohi bo‘ldilar.

Davlatimizning yoshlarga oid siyosati tubdan isloh qilinib, har bir yosh bilan manzilli tarzda ishlashga o‘tildi. Shundan kelib chiqqan xolda 58 ming nafardan ortiq xorazmlik yoshlar aynan ichki ishlar organlari masʼul xodimlari tomonidan otaliqqa olindi. Yoshlar bilan ishlashni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida yaratilgan elektron platforma joriy yilning iyun oyida viloyatimizda bo‘lib o‘tgan respublika “Yoshlar forumi” ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Biriktirilgan yoshlar bilan masʼul rahbarlarning turli formatdagi uchrashuvlari, maʼnaviy-maʼrifiy, harbiy-vatanparvarlik ruhidagi turli tadbirlar o‘tkazildi. Yoshlarning mavjud muammolariga manzilli yechim topildi.

2017-yilda Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlariga xizmat uylarini ajratishning birinchi bosqichi amalga oshirilgan bo‘lsa, joriy yilda bu boradagi ishlar davom ettirilib, viloyatimizdagi profilaktika inspektorlari uchun yangi xizmat uylari qurilib foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari boshqarma Faxriylar kengashining taklifini inobatga olib, kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan mahallalarda faoliyat olib borayotgan profilaktika inspektorlariga aynan shu mahallada istiqomat qiluvchi boy hayotiy va ish tajribasiga ega bo‘lgan faxriylarimizni “maslahatchi-murabbiy” sifatida biriktirish tajribasi bugun o‘zining ijobiy samarasini berayotganligini mamnuniyat bilan taʼkidlab, ushbu fidoyi ustoz-faxriylarimizga minnatdorchilik bildiraman va kirib kelayotgan yangi yilda sohada ustoz-shogird anʼanasi yana-da rivojlanishiga ishonaman.

Bundan tashqari viloyat ichki ishlar organlari xodimlari joriy yilning bahor va kuz faslida ichki ishlar organlari maʼmuriy binolari atroflariga, masʼul rahbarlarga biriktirilgan yashil massivlarga, shuningdek, xodimlar istiqomat qilayotgan xizmat va shaxsiy uylarining tomorqalariga qariyb 100 000 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekib, viloyatimiz yashil belbog‘ini yaratishga munosib hissa qo‘shdilar.   

Amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ichki ishlar organlarini aholiga va har bir oilaga yana-da yaqinlashtirish, bu tizimni chin maʼnoda xalqchil tuzilmaga aylantirishdek masʼul vazifa turibdi.

Eng muhimi, har bir rahbar va xodimning jinoyatchilikka qarshi kurashishga bo‘lgan qarashi tubdan o‘zgarib, kundalik xizmat faoliyati davomida fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish, jinoyatlarning oldini olish birinchi navbatdagi eng asosiy vazifasiga aylandi.

Shuni unutmaslik kerakki, mehnatkash va bag‘rikeng xalqimiz fidoyi xodimlarning sidqidildan qilayotgan xizmatini hech qachon unutmaydi va hamisha yuksak qadrlaydi. Bu fikrlar Muhtaram Prezidentimiz va Ichki ishlar vazirining sana munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida ham bayon etilgan.

Fursatdan foydalanib, o‘z xizmat burchiga, Vatanimizga sadoqatli, xalq manfaatlari yo‘lida sidqidildan xizmat qilib kelayotgan fidoyi va jonkuyar hamkasblarimizni, o‘z umrini yurt tinchligiga bag‘ishlagan faxriylarimizni kirib kelayotgan 2025-yil va Yangi yil bayrami bilan yana bir bor tabriklab, xizmat faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, uzoq umr, sihat-salomatlik, oilangizga fayzu baraka tilayman.

Yangi yil barchamizga omadli bo‘lsin.

 

Hurmat bilan,

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i

polkovnik Ravshan Irkinovich Sultanxodjayev  


Text to speech