14 Yanvar 2025 yil 1088

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik R.I.Sultanxodjayevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi

Hurmatli hamkasblar !

Qadrli faxriylar!

Xorazm viloyati ichki ishlar organlari xodimlarini, aziz faxriylarimizni hamda yurtimiz tinchligini himoya qilib, xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan xodimlarimizning oila aʼzolarini O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston milliy armiyasi jadal rivojlanmoqda, uning jangovar qobiliyati va tayyorgarligi izchil oshib bormoqda, mamlakatimizning mudofaa qudrati mustahkamlanmoqda, fuqarolarimizning tinch-osoyishta hayoti taʼminlanmoqda. Xalqimiz g‘oyat masʼuliyatli va olijanob vazifani sharaf bilan ado etib kelayotgan mard va jasur, el-yurtga sadoqatli Vatan himoyachilari bilan haqli ravishda faxrlanadi.

Shu bois bildirilgan yuksak ishonch va tinchligimizni ko‘z qorachig‘iday asrashimiz uchun bundan keyin ham ichki ishlar organining har bir xodimi fidoyilik, vatanparvarlik bilan bor kuch va g‘ayratini safarbar etishi lozim.

O‘z navbatida mahallalardagi kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishda profilaktika inspektorlariga maslahatchi-murabbiy sifatida yaqindan yordam berib kelayotgan faxriylarimizga yana bir bor minnatdorchilik bildirib, samimiy tilaklarimni izhor etaman.

Shu o‘rinda, xizmat vazifasini bajarish paytida qahramonlarcha halok bo‘lgan safdoshlarimizning oila aʼzolari unutmangki, biz siz bilan qalban birgamiz, sizlarni qo‘llab-quvvatlash bizning ofitserlik burchimizdir.

Fursatdan foydalanib, viloyatimiz ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan fidoyi va haqiqiy vatanparvar xodimlarning ota-onalariga, shuningdek, hayotning butun quvonch va tashvishlarini turmush o‘rtoqlari bilan baham ko‘rib kelayotgan mehribon va sabr toqatli rafiqalariga ulkan minnatdorlik bildiraman.

Barchangizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, uzoq umr, oilangizga totuvlik, dasturxoningizga fayzu-baraka tilayman.

Yurtimizda jamoat tartibini saqlash, barqarorlikni taʼminlash, qonuniylik hamda huquq-tartibotni mustahkamlashdek masʼuliyatli va sharafli xizmatlaringizda zafar yor bo‘lsin.

Hurmat bilan,

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i,

polkovnik Sultanxodjayev Ravshan Irkinovich

Text to speech