IIV JXD YHXX rahbariyati tomonidan Xorazm viloyatida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi
Hududlarda harakat xavfsizligini taʼminlash, transport oqimini samarali tashkil qilish, eng asosiysi esa — fuqarolar uchun xavfsiz va qulay sharoitlar yaratish maqsadida bir qator amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Xususan: viloyatning Qo‘shko‘pir tumanida avtomobillar oqimini nazorat qilish va tirbandliklarning oldini olish maqsadida aylanma harakat tashkil etilmoqda. Bu esa haydovchilar uchun qulaylik yaratish bilan birga, yo‘l-transport hodisalari xavfini kamaytiradi.
Shovot tumanidan o‘tuvchi, qo‘shni Turkmaniston Respublikasi bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘lida kengaytirish va taʼmirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu yo‘l xalqaro ahamiyatga ega bo‘lib, uning zamonaviy holatga keltirilishi yuk tashish va yo‘lovchi qatnovi sifatini sezilarli darajada yaxshilaydi.
Gurlan tumanida esa eskirgan va foydalanishga yaroqsiz holga kelgan ko‘prik to‘liq qayta qurilmoqda. Bu nafaqat transport harakatining uzluksizligini taʼminlaydi, balki mahalliy aholining ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
Yangibozor tumanida piyodalar harakati xavfsizligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Tumandagi aholi gavjum joylarda piyodalar yo‘laklari barpo etilib, zamonaviy svetoforlar o‘rnatilmoqda. Bu esa maktab o‘quvchilari, yoshi katta fuqarolar va boshqa harakat ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.
YHXX rahbariyatining joylarga chiqqan holda muammolarni o‘rganishi va mavjud kamchiliklarni joyida bartaraf etishga qaratilgan saʼy-harakatlari – fuqarolarga xizmat qilish, ularning hayotini xavfsizroq qilish yo‘lida qo‘yilgan muhim qadamlardir.