5 Noyabr 2025 yil 98

Tergov boshqarmasida joriy yilning 9 oyi yakuni bo‘yicha hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Tergov boshqarmasida joriy yilning 9 oyi yakuni bo‘yicha hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma rahbariyati, shahar va tuman ichki ishlar bo‘limlarining tergov bo‘linmalari rahbarlari hamda barcha tergovchi va surishtiruvchilar ishtirok etdilar.

Yig‘ilish avvalo tergov faoliyati samaradorligini tahlil qilish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusidagi vazifalarni belgilashga qaratildi. Hisobot davrida tergov tizimida amalga oshirilgan ishlar, jinoyat ishlarini ochish va ularni sudga oshirish jarayonlari atroflicha muhokama qilindi.

Taʼkidlanishicha, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida Xorazm viloyatidagi tergov va surishtiruv bo‘linmalari xodimlari tomonidan jinoyatlarni fosh etish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, tergov jarayonlarini sifatli va xolisona amalga oshirish yo‘nalishida salmoqli natijalarga erishildi.

Boshqarma rahbariyati tomonidan ayniqsa xodimlarning xizmat intizomi, masʼuliyati, qonun talablariga qatʼiy rioya etish, jinoyat ishlari bo‘yicha dalillar bazasini mustahkamlashdagi saʼy-harakatlari alohida eʼtirof etildi. Shuningdek, tergov jarayonlariga zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish, raqamli texnologiyalardan foydalanish, ichki nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda xodimlarning xizmat faoliyatini baholash bilan birga ularning shaxsiy rivojlanishiga ham eʼtibor qaratish zarurligi qayd etildi. Bu borada, fidoyilik va masʼuliyat bilan xizmat qilayotgan tergovchi hamda surishtiruvchilar, ularning ota-onalari faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbirda taʼkidlanishicha, har bir xodimning muvaffaqiyati ortida uning oilasi, yaqinlari va ustozlarining mehri hamda tarbiyasi mujassam. Shu sababli, mukofotlash marosimida ota-onalarning mehnatini eʼtirof etish orqali tergov tizimidagi insonparvarlik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga ham eʼtibor qaratildi.

Yig‘ilish yakunida Tergov boshqarmasi rahbariyati tomonidan xodimlar oldiga jinoyatchilikka qarshi kurashda yana-da yuqori natijalarga erishish, har bir ishda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning ishonchini qozonish yo‘nalishida aniq vazifalar qo‘yildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech