5 Oktyabr 2021 yil 742

Barchasi xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlari himoyasi yo‘lida

Xorazm viloyatida xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida ichki ishlar organlarida tashkil etilgan xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar munosib hissa qo‘shmoqda.

Alohida taʼkidlab o‘tish joizki bugungi kunda ichki ishlar organlarining ushbu sohaviy yo‘nalishi o‘z faoliyatini “mahallabay” tizimi asosida amalga oshirib kelmoqda.

Viloyatda istiqomat qiluvchi xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan asrash borasida shahar-tuman ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlari va mahalla fuqarolar yig‘ini  raisining xotin-qizlarni ijtimoiy-maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari o‘rtasida bevosita hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Bu esa o‘z navbatida xotin-qizlarning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog‘liq holatlarni barvaqt aniqlash va oldini olish imkonini bermoqda.

Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning o‘tgan davrida viloyat hududida tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 2246 nafardan ortiq xotin-qizlarga nisbatan “Himoya orderi” rasmiylashtirilib, ularning barchasi davlat tomonidan qonuniy himoyaga olindi. O‘z navbatida “Himoya orderi” talablarini buzgan 52 nafar shaxs Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 206-1-moddasiga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortildi. 

Eʼtiborlisi, viloyatdagi ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarda o‘tkazilgan profilaktik suhbat va tushuntirishlar natijasida 1150 dan ortiq oila saqlab qolingan bo‘lsa, 820 dan ortiq oilalardagi maishiy nizolar atroflicha o‘rganilib, bartaraf etildi.

Shuningdek, ichki ishlar organlarining tashabbusi bilan joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 250 nafardan ortiq xotin-qizlarning doimiy ish bilan bandligi taʼminlandi.

Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida esa viloyat hududida xotin-qizlar tomonidan sodir qilingan jinoyatlar hamda ularning tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan  kamayishiga erishildi.

Yuqoridagi ishlarning sifat va samaradorligini oshirish maqsadida inspektorlar uchun seminar-treninglar o‘tkazib kelinmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech