16 Avgust 2020 yil 1081

Bizning fidoyi xodimlar: Iqtidorli yoshlar – muvaffaqiyat garovi

Ro‘zmetov Sherzod Baxtiyor o‘g‘li 1993 yilda Urganch shahrida tug‘ilgan. 2015 yil Urganch Davlat universitetini tamomlab, bir muddat Urganch turizm va tadbirkorlik kasb-hunar kollejida o‘qituvchilik qilgan. 2018 yilda viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi Xiva shahri bo‘yicha XTTB safarbar guruhi safdor xodimi lavozimida xizmat faoliyatini boshlagan. 2019 yilning mart oyidan esa viloyat IIB XTTB Axborot-tahlil bo‘linmasi katta inspektori lavozimida xizmat qilib kelmoqda.   

Ustozlarining maslahat va yo‘l-yo‘riqlariga amal qilgan bu yigit kasb sirlarini, meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni qunt bilan o‘rgandi. Shuning uchun qisqa fursat ichida mustaqil ish yuritadigan, zimmasidagi vazifalarni o‘z vaqtida bajaradigan intizomli xodimga aylandi. U viloyatga tashrif buyurayotgan turistlar xavfsizligini taʼminlash yo‘lida sidqidildan xizmat qilmoqda.

Turkiyadan tashrif buyurgan Yildiz Ali Furkan Sherzod Ro‘zmetovga murojaat qilib, o‘ziga tegishli bo‘lgan qora rangli yuk sumkasini nomaʼlum joyda unutib qoldirganini aytib, uni topishda amaliy yordam berishini so‘raydi. Sherzod mazkur murojaat asosida tezkor-surishtiruv ishlarini olib boradi. Natijada sayyohga tegishli bo‘lgan ushbu sumkani Xiva shahar “Ichan-Qalʼa” davlat muzey qo‘riqxonasi “Ota darvoza” oldidagi avtoturargohdan topib, egasiga topshiradi. Xorijlik sayyoh ko‘rsatilgan bunday beg‘araz yordam uchun safdor Sherzod Ro‘zmetovga samimiy minnatdorlik bildiradi.

Shuningdek, u joriy yilning aprel oyida yurtimizga sayyoh sifatida tashrif buyurgan Buyuk Britaniya fuqarosi Vong Man Sau hamda Fransiya fuqarosi Tran Michelga karantin qoidalariga amal qilishlari bo‘yicha zarur tavsiyalar beradi. Qolaversa, ushbu sayyohlarga bir marotaba foydalanadigan tibbiyot niqoblari, qo‘lqoplar, antiseptik vositalar hamda koronavirus infeksiyasidan himoyalanishda yordam beradigan qo‘llanmaning xorijiy tillarda chop etilgan nusxalarini topshirgan.

Leytenant Sh. Ro‘zmetov hozirda viloyat hududida koronavirus pandemiyasiga qarshi karantin choralari kuchaytirilgani munosabati bilan o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlarda ham faol ishtirok etmoqda. U xorijiy mamlakatlardan qaytib kelganlar va ular bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolar yashovchi 3 ta xonadonni kuzatuvga olishda shaxsiy tashabbus ko‘rsatgan.

– Leytenant Sherzod Ro‘zmetov xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondashadigan shijoatli yoshlarimizdan biri, – deydi viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Marat Xudoyberganov. – U ingliz va rus tillarida bemalol so‘zlasha oladi. Shu boisdan ham viloyatimiz hududiga tashrif buyurayotgan sayyohlarda ijobiy taassurotlar qoldirib, namunali xizmat olib borayotir.

Mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli kasbda fidoyilik bilan xizmat qilayotgan bu kabi shijoatli xodimlar yana-da ko‘payaversin.

Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbiri.

Text to speech