Bog‘ot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar fosh etildi
Joriy yilning 1 fevral kunidan boshlab respublikamizda “Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish” tezkor-profilaktik tadbiri amalga oshirilmoqda.
1 mart kuniga qadar davom etadigan mazkur tezkor-profilaktik tadbir doirasida manfaatdor idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda turli profilaktik targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilishi bilan bir qatorda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoiy qilmishlarni fosh etishga qaratilgan tezkor tadbirlar ham amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning 6 fevral kuni Bog‘ot tumani IIB Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Bog‘ot tumanida yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan, N.S. tuman markazida to‘xtatilib, yoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, shimining cho‘ntagida 1 ta, bosh kiyimi ichida esa 4 ta alohida qadoqlangan, umumiy vazni 5 gramm bo‘lgan “geroin” giyohvandlik vositasini o‘tkazish maqsadida saqlab qo‘yganligi maʼlum bo‘ldi. Dastlabki surishtiruv jarayonida, u ushbu giyohvandlik vositasini mahalladoshi, 1983 yilda tug‘ilgan, D.A. dan 1 200 000 so‘mga sotib olganligiga aniqlik kiritilgach, gumondorning uyida ham xolislar ishtirokida tintuv o‘tkazilganida, “mijoz”dan olingan 1 200 000 so‘m pul yotoqxonadagi ko‘rpacha tagidan, bundan tashqari shkaf ustidan 4 ta “tramadol” giyohvandlik dori vositasi ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Shuningdek, 6 fevral kuni Xorazm viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, uyining yotoqxonasidagi shkaf ichida umumiy vazni 19 gramm bo‘lgan, 19 ta qadoqdagi “geroin” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda o‘tkazish maqsadida saqlab qo‘ygan, Bog‘ot tumani “Yangiqadam” mahallasida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan G‘.K.ning jinoiy qilmishi fosh etildi.
Uning xonadonidan xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan giyohvandlik vositasi, unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil deb topildi.
Gumondorlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati