Boshqarmada bayram shukuhi: O‘qituvchi va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatildi
Ayni kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiy kuni munosabati bilan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Xorazm viloyati IIBning tantanalar zaliga ham sohaning bir guruh fidoyi faxriylari hamda IIV Xorazm akademik litseyining barcha o‘qituvchi-pedagoglar jamoasi taklif etildi.
Tantanali tadbirda Xorazm viloyati IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuxamedov so‘zga chiqdi.
Boshqarma boshlig‘i o‘z nutqida so‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘qituvchi-pedagoglar va ustoz-murabbiylarning jamiyatdagi mavqeini oshirish, ularni ijtimoiy himoyasini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek boshqarma boshlig‘i o‘z nutqi davomida Ichki ishlar Vazirining bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigini ham o‘qib eshittirdi.
Tantanali tadbir taqdirlash jarayoni bilan davom etdi.
Xodimning erishgan yutuqlari va qo‘lga kiritgan ijobiy natijalarini eʼtirof etish uni kelgusida yana-da shijoat bilan xizmat qilishga undaydi. Shuni inobatga olgan holda bayram munosabati bilan Ichki ishlar Vazirining buyrug‘iga asosan xodimlarga o‘zlarining boy hayotiy tajribasini o‘rgatish bilan ustozlik qilib kelayotgan soha faxriylaridan bir guruhi vazirlikning ko‘krak nishonlari, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlangan bo‘lsa, yana bir guruh fidoyi ustoz-murabbiylar viloyat IIB boshlig‘ining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xizmat safari bilan Xorazm viloyatida bo‘lib turgan IIV Akademiyasining bir guruh o‘qituvchi-pedagoglariga ham bayram munosabati bilan viloyat IIB boshlig‘ining sovg‘alari topshirildi.
IIV Xorazm akademik litseyining bir guruh iqtidorli o‘quvchilariga Ichki ishlar vaziri stipendiyasi va o‘qishda erishgan yutuqlari ko‘krak nishoni guvohnomalarining mazkur tadbirda tantanali ravishda topshirilganligi esa, ushbu o‘quvchilarning qalbida vatanparvarlik hislatlarini yana-da yuksaltirishi shubhasiz.
Tadbirda taqdirlanganlardan bir guruhi so‘zga chiqib, ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va yuksak eʼtirof hamda ishonch uchun o‘z tashakkurlarini bildirib, kelgusida Vatanga va xalqqa sadoqat bilan qilishga tayyor ekanliklarini aytib o‘tdilar.
Shundan keyin tantanali tadbir bayram munosabati bilan yozilgan dasturxon atrofida davom etdi. Bayramona taomlar va diltortar kuy-qo‘shiqlar bayram shukuhini yana-da oshirdi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati