28 Dekabr 2020 yil 802

Yoshlar ittifoqining Xorazm viloyati IIB dagi boshlang‘ich tashkiloti tanlov g‘olibi bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi yoshlar ittifoqi bugungi kunda mamlakatimiz yoshlarini ezgu maqsad yo‘lida birlashtirgan eng nufuzli tashkilotdir. Albatta ezgu ishlarni amalga oshirishda yoshlar ittifoqining hududlarda, shuningdek aksariyat korxona va muassasalarda tuzilgan boshlang‘ich tashkilotlari ham muhim o‘rin tutmoqda.

Yoshlar ittifoqining Xorazm viloyati kengashi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tanlovda aynan viloyatimizdagi harbiylashtirilgan tuzilmalarda tashkil etilgan boshlang‘ich tashkilotlar tomonidan 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar sarhisob qilindi.

Viloyatdagi 12 ta harbiylashtirilgan tuzilmalar boshlang‘ich tashkiloti sardorlari ishtirok etgan mazkur tanlovda yoshlar ittifoqining Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasidagi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi kapitan Nurullayev Azamat Baxtiyarovich 154 ball to‘plab faxrli birinchi o‘rinni egallab, tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.

Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi yoshlarining yetakchisi katta leytenant Polvonov Izzatbek Abdusharipovich 142,5 ball to‘plab ikkinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, 123,5 ball to‘plagan 7260-sonli harbiy qism yoshlariga sardorlik qilib kelayotgan kapitan Tangirov G‘iyosiddin Mavlonovich uchinchi o‘ringa loyiq deb topildi.

G‘oliblarga yoshlar ittifoqi Xorazm viloyati Kengashining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tanlov g‘oliblarini erishgan yutuqlari bilan muborakbod etib, kelgusi faoliyatlarida omadlar tilaymiz.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech