18 Aprel 2022 yil 1175

Faxriylar-faxrimiz: Isteʼfodagi polkovnik Bekjon Safayev   

   “Mardlik odamlarni xatarli daqiqalardan ajoyib ishlarga undovchi fazilatdir.”

                                                        ARASTU. 

   ...Sotimboy sher tusiga kirdi. Yuzlarida allaqanday dahshat paydo bo‘ldi. Ko‘zlari qonga to‘lib, inson qiyofasini yo‘qotdi. U “dir-dir” qaltirayotgan qo‘llari bilan g‘ilofda turgan “Nagan”ni qo‘liga oldi. Bu dahshatdan sarosimaga tushgan Otabek hozirgina ichib bo‘shatishgan aroq shishalariga turtina-surtina tashqariga otildi. Bir zum o‘zini yo‘qotayozgan Matyoqub ham jon saqlash ilinjida Otabekning izidan yugurdi. Sotimboy “Qayoqqa qochasanlar! Baribir otaman!” deya qichqirgancha tashqariga chiqdi. Uning izma-iz quvib chiqishini kutmagan Matyoqub jon talvasasida qochmoqchi bo‘ldi. Sotimboy qorong‘ulik qo‘ynidan najot izlab yugurayotgan Matyoqubga qarata o‘q uzdi. Zimiston qorong‘ulikni larzaga keltirgan o‘q xato ketdi. “Qayoqqa qochasan!” qichqirdi asabiylashgan Sotimboy va yana tinmay qochayotgan Matyoqubni nishonga oldi. Yana qorong‘ulik ichra o‘q ovozi yangradi. Bu galgi o‘q xato ketmadi. Matyoqub boshiga tekkan o‘qdan yerga yiqildi. Yuz ko‘zlari qonga belandi. U bu qonxo‘rning changalidan qutilish uchun bir yo‘la o‘rnidan turib qochmoqchi ham bo‘ldi. Ammo o‘zini boshqarolmadi.

   O‘qi bexato ketmaganidan mag‘rurlangan Sotimboy ancha uzoqlab ketgan Otabekning iziga tushdi. Qo‘rquvdan sarosimaga tushgan Otabek orqasiga qaramay qochardi. Hayolida “Nagan” ushlagan Sotimboy yetib kelgandek, otib tashlayotgandek edi. U burilishdagi sinib yotgan daraxt shoxiga turtinib, ariqqa tushib ketdi. Izma-iz quvib kelgan “ov”chi Otabekni topolmadi. U orqasiga qaytib, ish joyiga-“Xalq banki”ga kirib ketdi.

   Ketma-ket o‘q ovozini eshitgan kishilar ko‘chaga chiqib, qonga belanib yotgan Matyoqubni darhol kasalxonaga jo‘natishdi. Keyin esa tuman ichki ishlar bo‘limiga xabar berishdi.

   Zudlik bilan tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, mayor Bekjon Safayev rahbarligidagi tezkor guruh hodisa joyiga yetib kelishdi. Vaziyatning ancha murakkabligi aniq va puxta reja asosida ish olib borishni taqozo etardi. Buni yaxshi anglagan mayor Bekjon Safayev tezkor guruh aʼzolariga atrofni diqqat bilan nazorat qilib turishni buyurdi va o‘zi shifoxonaga shoshildi. Matyoqub bilan suhbatlashgan tezkor guruh boshlig‘i zudlik bilan hodisa joyiga qaytdi.

   -Jabrlanuvchi bilan suhbatlashib keldim,-deya gap boshladi mayor Bekjon Safayev guruh aʼzolarini chekkaroqqa yig‘ib.-Sotimboy “Xalq banki”da qorovul bo‘lib ishlarkan. Do‘stlari Otabek va Matyoqublar bilan ish joyida spirtli ichimlik isteʼmol qilishgan. So‘ngra o‘zaro kelishmovchilik chiqib, Sotimboy do‘stlarini otishga shaylangan. Xullas, “Xalq banki” ichkarisida 

o‘tirgan qorovul mast holda. Eng xavfli tomoni shundaki, unda qurol bor. U duch kelgan kishini otishi mumkin. Har holda ehtiyot bo‘lmoq, puxta o‘ylab ish yuritmoq kerak.

   Tezkor guruh xodimlari o‘z fikrlarini bildirishdi. Ammo asosiy vazifa qanday bo‘lmasin bank qorovulini qurolsizlantirish va qo‘lga olish lozim edi.

   -U Otabekni otolmagan,-yana o‘z fikrini o‘rtaga tashladi Bekjon Safayev.-Shuning uchun uning oldiga bormoqchi bo‘lgan kishini Otabek deb otib qo‘yishi mumkin. Meningcha bank boshqaruvchisini chaqirib, uning bilan uchrashtirmog‘imiz kerak.

   -Uni otib qo‘ysa-chi?-dedi guruh aʼzolaridan biri.

   -Boshqaruvchi uning bilan uzoqroqdan turib gaplashishga harakat qiladi. Qolaversa, boshqaruvchi uning boshlig‘i. Sotimboy uning gaplariga quloq tutishi, aytganini bajarishi mumkin.

   Bu taklif barchaga maʼqul tushdi. Hodisa joyiga yetib kelgan bank boshqaruvchisi ichkaridan turib tashqarini kuzatayotgan Sotimboyni chaqirdi. U boshqaruvchining ovozini tanib, tashqariga chiqdi. Qo‘lida qurol bilan turgan Sotimboyni qo‘lga olish nihoyatda qisqa vaqt ichida amalga oshirilishi lozim edi. Uni shubhalantirish vaziyatni battar chigallashtirardi. Qorovulga yaqin joydagi daraxt panasida turgan mayor Bekjon Safayev ko‘z ochib yumguncha uni yerga qulatib, qurolsizlantirishga ulgurdi. Shu tariqa xavfli jinoyatchi qo‘lga olindi.

   Bu Yangiariq tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, mayor Bekjon Safayevning xizmat faoliyatidan bir lavha xalos. U har gal bunday vaziyatda jinoyatchining shaxsini, hatti-harakatini aniq o‘rganib chiqqandan so‘nggina biror qarorga kelardi.

   -1984 yil Toshkent Davlat universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlab, Xonqa tumani IIBda tergovchi lavozimida xizmat faoliyatimni boshladim,-deydi isteʼfodagi polkovnik Bekjon Safayev.-Ollohga shukr, podpolkovnik Bekbergan Sobirov, mayor Muhammad Raxmonovdek tajribali, mehnatsevar insonlarga duch keldim. Ular menga bu sohaning sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgatishga harakat qilishdi. Zarur maslahatlar, nasihatlar berishdi. Kamchiliklarimni o‘z vaqtida aytib, uni tuzatish yo‘llarini o‘rgatishdi. Bunday yaqin hamkorlik besamar ketmadi.

   Ustozlarining o‘gitlariga amal qilgan leytenant Bekjon Safayev ko‘p o‘tmay tuman IIB katta tergovchisi, keyinchalik esa viloyat IIB tergov bo‘limining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi vazifalarida sidqidildan xizmat qildi. Kechagi leytenant polkovnik darajasigacha bo‘lgan sharafli yo‘lni bosib o‘tdi va yetuk rahbarlardan biriga aylandi. U 32 yillik xizmat faoliyati davomida Yangiariq tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, tuman IIB boshlig‘i, viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, Urganch shahar IIB boshlig‘i, viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i, Qo‘shko‘pir va Xiva tumani IIBlari boshlig‘i lavozimlarida samarali xizmat qildi.

Yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishdagi fidoyi xizmati uchun Bekjon Safayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 27 avgustdagi Farmoniga muvofiq “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

   Ota izidan borib, uning kasbini davom ettirish farzand qalbidagi orzu-niyatlardan biridir. Eldor Safayev ham otasi kabi osoyishtalik posboni bo‘lish niyatida tinmay o‘qidi, izlandi. Bu intilish besamar ketmadi. Ayni kunda u viloyat ichki ishlar boshqarmasida xizmat qilmoqda.

   Isteʼfodagi polkovnik Bekjon Safayev nafaqaga chiqqach, jamiyatimiz rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shish niyatida mehnat faoliyatini davom ettirdi. Hukumatimiz rahbariyati qalbida Vatan hissi jo‘sh urgan bu insonga yuksak ishonch bildirib, uni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Yangiariq tumani Xalq qabulxonasi mudiri lavozimiga tayinladi.

   -Ayni kunlarda mamlakatimizning qaysi bir xududida bo‘lmang, davr bilan hamnafas holda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga, yagilanish jarayonlariga, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarning hayotga tadbiq etilayotganiga duch kelasiz,-deydi Bekjon Safayev.-Davlat idoralari vakillarining aholi bilan yaqin muloqotda bo‘lishi, muammolariga quloq tutishi va yechimini izlashi odatiy holga aylanib qoldi. Eng muhimi, ushbu tadbirlarda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi islohotlar va ularning hayotga tadbiq etilishi yuzasidan samimiy suhbatlar olib borilyapti. Bu yangi O‘zbekistonda yangi davrning boshlanganini anglatadi.

   Lavhamiz qaxramoni yurtimizdagi anashunday ulkan o‘zgarishlarga o‘zining munosib hissasini qo‘shish uchun astoydil mehnat qilmoqda.

 

                                                                    Xudoybergan JABBOROV,

                                                                            “Postda” muxbiri.

Text to speech