15 Fevral 2023 yil 368

“Fidoyi ayol xodima” ko‘rik-tanlovining Xorazm viloyati  hududiy saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi

Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan shahodatlangan ayol xodimalarning kasbiy bilim va malakalarini oshirish maqsadida turli chora-tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2021-yil 2-apreldagi PQ-5050-son qaroriga muvofiq Ichki ishlar vaziri tomonidan eʼlon qilingan “Ichki ishlar organlarida “Fidoyi ayol xodima” ko‘rik-tanlovini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi buyruq ham aynan ayol xodimalarning kasbiy bilim va malakalarini oshirib borishni qo‘llab-quvvatlash, faoliyatida yutuqlarga erishib kelayotganlarini moddiy va maʼnaviy rag‘batlantirish, o‘z kasbining bilimdonlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishni nazarda tutadi.

Urganch shahrida o‘tkazilgan mazkur ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi ham ishtirokchilarning faolligi bois hayojonli onlarga boy bo‘ldi.

Ko‘rik-tanlovda ishtirok etgan viloyat ichki ishlar organlarining shahodatlangan ayol xodimalari jangovor qurolni to‘liqsiz qismlarga ajratish va yig‘ish, hamda Makarov to‘pponchasi o‘q otish, sportning 1000 metrga yugurish va komleks mashqlar bajarish turlari bo‘yicha bellashgach, o‘zlarining sohaviy xizmat, maʼnaviy-maʼrifiy, jangovar va xizmat tayyorgarligi bo‘yicha bilimlarini 50 ta savoldan iborat test sinovlari orqali namoyish etdilar.

Hakamlar xayʼati tomonidan har bir ishtirokchining mahorati sinchkovlik va xolislik bilan baholab borildi.

Yakunda Urganch shahri bo‘yicha IIO FMB profilaktika inspektori leytenant Zuxra Ollanazarova “Fidoyi ayol xodima” ko‘rik-tanlovining Xorazm viloyatida o‘tkazilgan hududiy saralash bosqichi g‘olibasi deb topilib, ko‘rik-tanlovning respublika final bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech