6 Mart 2021 yil 791

Xorazm viloyatida giyohfurushlikka qarshi navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi

Xorazm viloyatida “Yoshlar orasida giyohvandlik vositalarining tarqatilishiga qarshi kurashish oyligi”, “Jinoyat va huquqbuzarliklarka qarshi kurashish zarbdor oyligi” va “Tozalash-Antiterror” tadbiri doirasida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish, qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash hamda bu boradagi qonunga zid holatlarga chek qo‘yish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, 2021 yil 18 fevral kuni viloyat Ichki ishlar, DXX va Milliy Gvardiya boshqarmalari xodimlari tomonidan Hazorasp tumanining “Ovshar” qishlog‘ida yashovchi, 1971 yilda tug‘ilgan O.U.ning uyi va yordamchi xo‘jaliklari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, ushbu shaxs 40 dona gugurt qutilarga joylangan jami vazni 88,81 gr bo‘lgan “Marixuana” giyohvandlik vositasini saqlab kelayotganligi aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘g‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Xorazm viloyati Ichki ishlar, bojxona hamda DXX boshqarmalari xodimlari tomonidan  2021 yil 26 fevral kuni o‘tkazilgan  navbatdagi tezkor tadbirda, Urganch shahrining Xonqa ko‘chasida yo‘l bo‘yida to‘xtab turgan,  Beruniy tumanida yashovchi, 1976 y.t A.O.ga tegishli, “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida avtotransport vositasining salonida sellofan paketga qadoqlangan 26,28 gr “opiy” giyohvandlik moddasini borligi aniqlandi. Olib borilgan dastlabki surishtiruv jarayonida haydovchi ushbu giyohvand vositasini fuqaro F.A.ga 10 500 000 so‘m hamda 400 AQSH dollari evaziga qonunga xilof ravishda sotganligi maʼlum bo‘ldi.

Bugungi kunda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi va 276-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 Aziz yurtdoshlar, giyohvandlik – illatdir, shu bois uni hayotingizga kirib kelishiga yo‘l qo‘ymang.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech