12 Yanvar 2021 yil 778

Giyohfurushlik bilan bog‘liq jinoyat fosh etildi

Giyohvandlik – illat, shu bois doimo unga qarshi kurashish lozim.

Xorazm viloyati IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi va Xiva tumani IIB xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir jarayonida giyohfurushlik bilan bog‘liq jinoyat fosh etildi.

2021 yil 5 yanvar kuni o‘tkazilgan ushbu tadbirda, Xiva tumanida yashovchi, 1997 yida tug‘ilgan G‘.G‘. ikkita gugurt qutisiga joylangan umumiy vazni 3,77 gramm bo‘lgan “marixuana” giyohvandlik vositasini 1 000 000 so‘mga qonunga xilof ravishda sotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Olib borilgan dastlabki surishtiruvlar jarayonida G‘.G‘. ushbu giyohvandlik vositasini Urganch shahrida yashovchi tanishlari, 1994 yil tug‘ilgan S.R. va 1993 yilda tug‘ilgan I.Yu. lardan sotib olganligi maʼlum bo‘ldi.

6 yanvar kuni o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda ushbu jinoiy sheriklar pul kupyurasiga o‘ralgan, umumiy vazni 0,67 gramm bo‘lgan “marixuana” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda 200 000 so‘mga sotayotganida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Ularning yoni holislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida esa cho‘ntagida 0,76 gramm “marixuana” giyohvandlik vositasi va pnevmatik to‘pponchani saqlab qo‘yganliklari maʼlum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech