Giyohfurushlik bilan shug‘ullanib kelgan guruh qo‘lga olindi
Respublikamizda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarga chek qo‘yish maqsadida joriy yil maboynida ikki bosqichda “Qoradori-2022” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbiri o‘tkazilganligi va ushbu tadbir davomida Xorazm viloyatida ham giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq bir qancha jinoyatlar fosh etilganligi, jinoyatchilardan har xil turdagi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ashyoviy dalil tariqasida olinganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.
Shuningdek, sentyabr oyining yakunida “Qoradori-2022” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi yakunlanganligi, ammo giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish bir zum ham to‘xtamasligi to‘g‘risida aytib o‘tgan edik.
Bunga Xorazm viloyati IIB Tezkor qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan joriy yilning 17 oktyabr kuni fosh etilgan giyohvandlik vositalarining noqonuniy o‘tkazish bilan bog‘liq navbatdagi jinoyat misol bo‘la oladi.
Xususan, Urganch shahrida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan, Q.O. Urganch shahrining “Sanoatchilar” ko‘chasida tanishiga alohida qadoqlangan ikki bo‘lak “geroin” giyohvandlik vositasini 650 000 so‘mga sotayotgan paytida tezkor xodimlar tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olindi. Dastlabki surishtiruv jarayonida u ushbu giyohvandlik vositasini Urganch shahrida yashovchi, tengdoshi, Yu.B. dan sotib olganligi, o‘z navbatida esa Yu.B. ushbu giyohvandlik vositasini Urganch shahrida yashovchi, 1968 yilda tug‘ilgan tanishi, J.F.dan sotib olganligi to‘g‘risida ko‘rsatma berganligi sababli, nazorat tartibida o‘tkazilgan tadbirda J.F. bir bo‘lak “geroin” giyohvandlik vositasini Yu.B. ga 300 000 so‘mga sotayotganida tezkor xodimlar tomonidan ushlandi. Shundan keyin J.F. ga tegishli “Spark” rusumli avtomashina saloni ko‘zdan kechirilganida, u yerda yana bir bo‘lak “geroin” giyohvandlik vositasi borligi maʼlum bo‘ldi.
Mazkur xolat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Gumondorlar esa ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati