10 Fevral 2023 yil 397

Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari general-mayor B.Yu.Mirzaraximov Bog‘ot tumanidagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bilan yaqindan tanishdi

Ayni kunlarda Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Bosh prokuratura va uning tuzilmalari rahbarlari, viloyat sektor boshliqlari hamda boshqa mutasaddi idoralar masʼullaridan iborat ishchi guruh Xorazm viloyatida faoliyat olib borayotganligi to‘g‘risida maʼlum qilgan edik.

Respublika idoralararo ishchi guruh tarkibida Xorazm viloyatiga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari general-mayor B.Yu.Mirzaraximov Bog‘ot tumanidagi ijtimoiy infratuzilma obyektlarining sozligi, aholini gaz, elektr energiyasi, ko‘mir va ichimlik suvi bilan taʼminlanganligi, isteʼmol bozorlaridagi narx-navo barqarorligi, hududdagi mahallalarda sektor rahbarlari, mahalla raislari, mahalladagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollarining hamkorlikda fuqarolarning muammolarini hal etish amaliyoti bilan yaqindan tanishdi.

General-mayor B.Yu.Mirzaraximov dastlab tuman sektor rahbarlari bilan birgalikda tuman markaziy dehqon bozorida bo‘lib, u yerda oziq-ovqat va qishloq xo‘jalik maxsulotlarining narxi hamda mavjud miqdorini o‘rgandi. Tumanda arzonlashtirilgan qishloq xo‘jalik maxsulotlari yarmarkasi har kuni tashkil etilayotganligi ijobiy baholandi.

Ishchi guruh aʼzolarining keyingi tashrif manzillari ijtimoiy soha obyektlari bo‘ldi. Xususan, tumandagi umumtaʼlim maktablari, bolalar bog‘chalari, shifoxonalarda bo‘lgan ishchi guruh aʼzolari ushbu obyektlarga issiqlik taʼminoti, elektr energiyasi va ichimlik suvining yetkazib berilishini nazorat tartibida o‘rgandilar.

Tumandagi bolalar bog‘chasiga amalga oshirilgan tashrif doirasida bog‘chaga bolalar o‘yinchoqlari ham sovg‘a qilindi.

Aholining tinchligi va sog‘ligini saqlash davlatimizda eng ustuvor vazifalardan biridir.

Bog‘ot tumanida ham bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bugungi kun talabiga mos desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tumanda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tibbiyot muassasasi bugungi kunda nafaqat tuman aholisiga, boshqa hududlardan kelayotgan bemorlarga ham sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Vazir o‘rinbosari mazkur tibbiyot muassasida bo‘lib, u yerda bemorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, davolashda zamonaviy tibbiyot anjomlaridan foydalanilayotganligi bilan yaqindan tanishdi. Ushbu tibbiyot muassasasi kelgusida tumanda tibbiyot turizmini rivojlantirish potensialiga ega ekanligi eʼtirof etildi.

Bog‘ot tumani o‘zining boy madaniy meroslari bilan ham ajralib turadi. Xususan tumandagi “Qalajiqqalʼa” turistik majmuasi bu borada yetakchilik qiladi. Mazkur majmuada bo‘lgan ishchi guruh aʼzolari “Qalajiqqalʼa” o‘zining yangi davrini boshlaganligiga guvoh bo‘lishdi. Endilikda bu yerga sayyohlar oqimini oshirish va majmuani jahon madaniy meroslari ro‘yhatiga kiritish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ishchi guruh o‘rganishlari davom etmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axbоrot xizmati

Text to speech