IIV Xorazm akademik litseyi o‘quvchilari uchun ilmiy-amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi
Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tarkibidagi ekspert-kriminalistika xizmatining faoliyatini yana-da takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilib, bu borada bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligini alohida taʼkidlab o‘tish maqsadga muvofiqdir.
O‘z faoliyatini tobora takomillashtirib borayotgan Xorazm viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazi xodimlari huquqiy targ‘ibot ishlariga ham masʼuliyat bilan yondashib kelmoqdalar.
Ushbu tamoyildan kelib chiqqan holda ichki ishlar organlari uchun malakali kadrlar tayyorlash hamda yoshlarda kasbga bo‘lgan sadoqatni va qiziqishni oshirish maqsadida, Xorazm viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazi bosh eksperti podpolkovnik Umarbek Quryozov tomonidan IIV Xorazm akademik litseyida “Kriminalistika fanining predmeti, tizimi va vazifalari. Kriminalistikaning uslubi. Jinoyatchilikka qarshi kurashishda ichki ishlar organlarida kriminalistikaning metodlaridan foydalanish” mavzusida mashg‘ulot o‘tkazildi.
Ilmiy-amaliy shaklda o‘tkazilgan mashg‘ulot davomida jinoyat va hodisa joylaridan olingan va jinoyatlarni fosh etishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ashyoviy dalillarni olish hamda ularning jinoyatlarni fosh etishdagi o‘rni haqida atroflicha tushuntirishlar berildi.
Shuningdek mashg‘ulot doirasida o‘quvchilarning savollariga mutaxassis tomonidan batafsil maʼlumotlar berildi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati