Istiqlol bergan baxt: Leytenant Sabohat Sultanova faoliyati to‘g‘risida
Oramizda oila yumushlarini, farzandlar tarbiyasini to‘la-to‘kis bajarib, jamiyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan ayollar juda ko‘p. Ulardan biri Xorazm viloyati IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimasi, leytenant Sabohat Sultanovadir.
Lavhamiz qaxramonining hayoti bilan tanishar ekanmiz, uning alohida iqtidor egasi ekanligining guvohi bo‘ldik. Xonqa tumanida tavallud topgan Sabohat o‘n yoshidan sportning karate turi bilan shug‘ullana boshlaydi. Unga ustozi 2-DAN qora belbog‘ sohibi Bahodir Sariyev murabbiylik qildi. Tinimsiz mashg‘ulotlar, murosasiz bellashuvlar Sabohatni jismonan tobladi. Mahoratini oshirdi. U avval viloyat, so‘ngra respublika musobaqalarida ishtirok etib, raqiblaridan kuchli ekanligini isbotladi. Shundan so‘ng Sabohat xalqaro musobaqalarda ham o‘z omadini sinab ko‘rdi. Qo‘lga kiritilgan yutuqlar uni yana-da yangi zafarlar sari undadi. Natijalar sarhisobiga ko‘ra, u 18 marotaba O‘zbekiston chempioni, 4 karra xalqaro turnirlar g‘olibi, 1 karra osiyo chempioni, degan sharafli nomga munosib topildi. 2012 yil 1-DAN qora belbog‘ sohibasi, 2013 yil sport sohasida erishgan yutuqlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qaroriga muvofiq Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shu yili imtiyozli ravishda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining ingliz tili filologiyasi fakultetiga talabalikka qabul qilindi. Oliygohni tamomlagach, Toshkent shahridagi 164-umumtaʼlim maktabida o‘quvchilarga ingliz tilidan saboq berdi. Pedagogik faoliyati davomida o‘quvchilarga taʼlim-tarbiya berish bilan bir qatorda ularning psixologiyasini ham puxta o‘rganishga harakat qildi.
2018 yil Sabohat Sultanova Xorazm viloyati IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasiga xizmatga qabul qilindi. Avvaliga yurt tinchligi, xalq osoyishtaligini taʼminlashdek mashaqqatli vazifani ado etish oson bo‘lmadi. Ammo u barcha qiyinchiliklarni chidam bilan yengib o‘tishga, tanlagan kasbini yana-da chuqurroq o‘rganishga intildi. Ayniqsa, ustozi podpolkovnik Marat Xudoyberganovning o‘gitlariga, nasihatlariga amal qilib, kasb sirlarini qunt bilan o‘rgandi. Qisqa fursat ichida mustaqil ish yuritadigan, zimmasidagi topshiriqlarni o‘z vaqtida bajaradigan intizomli xodimaga aylandi. U viloyatga tashrif byurayotgan turistlar xavfsizligini taʼminlash, ular bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda sidqidildan xizmat qilmoqda.
Janubiy Koreya Respublikasidan tashrif buyurgan Seung Yeonha Xiva shahri bo‘yicha Xavfsiz turizmni taʼminlash bo‘limi xodimlariga murojaat qilib, o‘ziga tegishli bo‘lgan fuqarolik pasportini Nukus shahridan Xorazm viloyatiga kelayotgan paytida yo‘qotib qo‘yganini va uni topishda amaliy yordam berishlarini so‘raydi.
Mazkur murojaat asosida leytenant Sabohat Sultanova tezkor surishtiruv ishlarini olib boradi. Natijada Seung Yeonhaning fuqarolik pasporti turistlarga xizmat ko‘rsatgan “Xorazm ko‘hi nur” sayyohlik firmasiga tegishli bo‘lgan avtobusdan topiladi va hujjat o‘z egasiga topshiriladi. Sayyoh Seung Yeonha ko‘rsatilgan amaliy yordam uchun leytenant Sabohat Sultanovaga samimiy minnatdorlik bildiradi.
Xiva shahar “Ichan-qalʼa” davlat muzeyi qo‘riqxonasini tomosha qilish uchun tashrif buyurgan avstriyalik Hubner Klaus oshqozon og‘rig‘i bezovta qilayotganini aytib, leytenant S. Sultanovaga murojaat qiladi. U darhol bu haqda shahar tez tibbiy yordam xizmatiga xabar beradi va shifokorlar yetib kelgunga qadar bemorni vaqtincha yashayotgan “Ichan-qalʼa” hududida joylashgan “Orient star” mehmonxonasiga joylashtiradi va birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatadi. Shifokorlarning muolajalaridan so‘ng Hubner Klaus o‘zini yaxshi his qildi va ko‘rsatigan yordam uchun minnatdorlik bildirdi.
-Leytenant Sabohat Sultanova xushmuomalaligi, namunali xulqi, xizmat vazifasiga masʼuliyat bilan yondoshishi bilan rahbariyatning, hamkasblarining hurmat-eʼtiboriga sazovor bo‘lib kelmoqda,-deydi viloyat IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Marat Xudoyberganov.-Shuningdek u yoshlarga xos bo‘lgan g‘ayrat-shijoati, xushyorligi, ingliz va rus tillarida erkin so‘zlasha olishi bilan viloyatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarda ijobiy taassurotlar qoldirmoqda.
Hadisi sharifda oila muqaddas, sanalgan. Buni yaxshi anglagan qaxramonimiz umr yo‘ldoshi kapitan Doniyor Sultanov bilan oila mustahkamligi, tinch va totuvligiga alohida eʼtibor berishyapti. Ayniqsa, oilaning zavqu-quvonchi bo‘lgan Daler osoyishtaligimiz posbonlarining suyukli farzandi sifatida kamolga yetmoqda.
-Shunday jannatmakon yurtda tug‘ildim, o‘sdim-ulg‘aydim, kamolga yetdim,-deydi lavhamiz qaxramoni leytenant Sabohat Sultanova.-Qator yutuqlarga erishdim. Istiqlol bergan baxtdan kuch-quvvat olib, bor bilim va mahoratimni, iqtidorimni yurtim rivojiga bag‘ishlashga, uning tinchlik va osoyishtaligini taʼminlashga ahd qilganman. Anashu ezgu maqsad yo‘lida kunu-tun xizmat qilishga tayyorman.
Yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlashdek sharafli vazifani masʼuliyat bilan ado etayotgan leytenant Sabohat Sultanova singari g‘ayrat-shijoatli yoshlarimiz yangi O‘zbekistonimizning faxri va g‘ururidir.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri