Jinoyatga jazo muqarrar: Xurshidning “savdosi” pishmadi
Shovotlik X.Xurshid (lavha ishtirokchilarining ismi-sharifi o‘zgartirilgan) yashash xonadonining tomorqasidagi anor daraxti ostiga tarkibida giyohvandlik moddasi mavjud bo‘lgan “kannabis” o‘simligi urug‘larini ekib, unib chiqqan nihollarni mehr bilan parvarishlay boshladi. Kunlar o‘tgan sayin yosh nihollar bo‘y ko‘rsatib, yetila bordi. Bir kuni u “kannabis” o‘simligi yaproqlaridan terib, uni oftobda obdon quritdi. So‘ngra “zahri qotil”ni yashirin ravishda isteʼmol qilib ko‘rdi. Avvaliga ongu-shuurida biror o‘zgarish sezmadi. Keyinchalik esa uning taʼsiridan biroz huzurlangandek bo‘ldi. Shu tariqa kunlar, oylar o‘taverdi. Hosilni yig‘ishtirib olgan Xurshid ehtiyotkorlik bilan xaridor izlashga tushdi. Ammo uni topolmadi. Anashunday kunlarning birida u giyohvand modda isteʼmol qilishga moyilligi bo‘lgan tanishi J.O‘ktamni eslab qoldi. Darhol unga qo‘ng‘iroq qilib, tuman markazining xilvatroq joyida uchrashishni taklif qildi. Anchadan beri uchrashishmagan qadrdonlar uzoq suhbatlashishdi. Gap orasida Xurshid “hosil”ning tozasidan borligini aytib qoldi. Uning bu gapi O‘ktamga ham moydek yoqib tushdi. Shundan so‘ng ular tayyor qadoqlangan “kannabis”dan isteʼmol qilishdi. O‘ktamning xaridor topishda yordami tegishini o‘ylagan Xurshid qolgan giyohvandlik moddasini saxiylik qilib, unga berib yubordi.
Ertasi kuni O‘ktam unga qo‘ng‘iroq qilib, tanishlaridan biriga kechagi “mol”dan kerakligini aytib qoldi. Bu xushxabardan xursand bo‘lgan Xurshid quritilgan “kannabis”ni gugurt qutisiga joylab, tezda kelishilgan manzilga yetib keldi. Ko‘p o‘tmay O‘ktamning “Nexia” rusumli avtomashinasi ko‘rindi. Ular mashinadan tushishgach, Xurshid o‘zi bilan olib kelgan gugurt qutisidagi 0,76 gramm “kannabis”ni O‘ktamning hamrohiga berdi. “Mol”ni ko‘zdan kechirgan xaridor cho‘ntagidan 100.000 so‘m olib unga uzatdi. Mo‘maygina daromadni cho‘ntagiga joylagan Xurshidning quvonchi uzoqqa bormadi. Chunki fuqaro kiyimidagi ichki ishlar organlari xodimlari ashyoviy-dalillar bilan uni qo‘lga olishdi.
Sud davlat ayblovchisining xulosasini, himoyachi advokat fikrini, sudlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlarini tinglab, jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqib, sudlanuvchi X.Xurshidni O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor, deb topdi va unga 3 yil 1 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.
Akbar AMINOV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shko‘pir tuman
sudining raisi.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.