14 May 2022 yil 1003

Mushtumzo‘r bezorilar qo‘lga olindi

Xorazm viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbir jarayonida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, o‘zga shaxslarni urish-do‘pposlash kabi jinoyatlarni sodir qilib kelgan  bezorilar guruhi qo‘lga olindi.

Dastlabki tezkor surishtiruvlar natijasida ushbu guruhga  Urganch shahrida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, S.X. boshchilik qilganligi aniqlandi.

Bugungi kunda ichki ishlar organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida S.X. bilan birgalikda Urganch shahrida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan, B.E. va Urganch tumanida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan, O.M. ham gumonlanuvchi tariqasida jalb etilib, protsessual tartibda ushlangan.

Gumonlanuvchilarga tegishli avtomashinalardan urish va tan jarohati yetkazishda foydalaniladigan pichoq, temir bita ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Tergov harakati davomida ushbu shaxslar tomonidan ilgari sodir qilingan jinoyatlarni va ularning boshqa jinoiy sheriklarini aniqlashga ham eʼtibor qaratiladi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech