9 Yanvar 2022 yil 554

Ochiq muloqot o‘zaro ishonch asosida bo‘lib o‘tdi

Xorazm viloyatida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi IIV ishchi guruhi tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, inson huquq va erkinliklarini taʼminlashda qonuniylikka rioya qilish maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Probatsiya xizmati boshlig‘i polkovnik O.O‘rinbayev va Xorazm viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i polkovnik B.Rajabov tomonidan Hazorasp tumanida ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan uchrashuv ham yuqoridagi chora-tadbirlar doirasida amalga oshirildi.

Hazorasp, Tuproqqalʼa va Bog‘ot tumanlari IIB probatsiya bo‘limlari hisobida turgan shaxslarni mazkur ochiq muloqotga taklif etishgan ko‘zlangan maqsad, avvalo ularning muammolarini o‘rganish va bartaraf etish borasida amaliy yordam berishga qaratildi.

O‘zaro ishonch asosida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot ishtirokchilari o‘zlariga nisbatan sudlar tomonidan tayinlangan jazodan hayotiy saboq chiqarganliklarini, kelgusida davlat va jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini, probatsiya xizmati xodimlari bilan o‘zaro aloqalarini qonun doirasida amalga oshirib kelayotganliklarini taʼkidlab o‘tdilar.

Yig‘ilish yakunida masʼul rahbarlar tomonidan hududiy probatsiya xizmati xodimlariga hisobda bo‘lgan shaxslarga nisbatan insonparvarlik dalolatnomalarini qo‘llashda amaldagi qonunlarga qatʼiy rioya qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech