10 Sentyabr 2021 yil 591

“Qoradori-2021”: Giyohvandlik bilan bog‘liq navbatdagi jinoyatlar fosh etildi

Mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, o‘tkazish, shuningdek taqiqlangan ekinlarni, yaʼni ko‘knor yoki moyli ko‘knor, kannabis o‘simligi yoxud tarkibida giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bo‘lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish yoki yetishtirish bilan bog‘liq holatlarni aniqlashga yo‘naltirilgan “Qoradori-2021” tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi davomida Xorazm viloyatida ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq bir necha jinoyatlar fosh etilishiga erishildi. 

Jumladan,  Urganch tumani IIB xodimlari tomonidan 2021 yil 7 sentyabr kuni, Urganch tumanida yashovchi, 1967 yilda tug‘ilgan, B.Q.ning tomorqasi ko‘zdan kechirilganida, u 4 tup “kannabis” o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotganligi maʼlum bo‘ldi. Shuningdek Q.B. ga tegishli omborxona ko‘zdan kechirilganida, u yerda “marixuana” giyohvandlik vositasini saqlab kelayotganligi aniqlandi.

Shuningdek, joriy yilning 7-8 sentyabr kunlari Urganch shahri bo‘yicha IIO FMB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda navbatdagi giyohfurushlik jinoyati fosh etildi. Dastlab Urganch shahridagi gipermarket oldida bir bo‘lak “geroin” giyohvandlik vositasini 1 250 000 so‘mga qonunga xilof ravishda sotishga uringan, Urganch tumanida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan F.Z. va 1978 yilda tug‘ilgan Q.Y. lar jinoyat ustida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Q.Y. ushbu giyohvandlik vositasini Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan S.R. dan olganligini bildirgach, tezkor tadbir davom qildirildi va S.R. bu safar 3 gramm “geroin” giyohvandlik vositasini 7 300 000 so‘mga sotayotgan paytida qo‘lga olindi.   

Bundan tashqari Xorazm viloyati IIB JQB xodimlari tomonidan joriy yilning 8 sentyabr kuni Urganch shahrida o‘tkazilgan tadbirda giyohfurushlik bilan shug‘ullanib kelgan navbatdagi jinoiy guruh fosh etildi. Urganch shahrida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan D.S. va 2000 yilda tug‘ilgan A.A. hamshahri, 1996 yilda tug‘ilgan Z.R. ismli ayol bilan jinoiy til biriktirib, “gashish” giyohvandlik vositasini 600 000 so‘mga sotayotgan paytida xodimlar tomonidan qo‘lga olindi.

Shundan keyin olib borilgan dastlabki surishtiruv natijalaridan kelib chiqib, Urganch shahrida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan K.N., 1990 yilda tug‘ilgan, D.R. larning yoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, ular yonida giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda saqlab kelayotganligi maʼlum bo‘ldi.

Yuqoridagi barcha holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Giyohvandlik - umr zavoli va taraqqiyot kushandasidir, shu bois kundalik hayotingizga giyohvandlik vositalari kirib kelishiga yo‘l qo‘ymang.

  Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech