“Qoradori-2022”: Kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy savdosi fosh etildi
Joriy yilning 1 avgust kunidan “Qoradori-2022” tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi boshlangan bo‘lib, mazkur tadbir doirasida Xorazm viloyati IIB tomonidan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bir qatorda giyohvandlik vositasi yoki psixotrop modda hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlarni fosh etishga qaratilgan chora-tadbirlar ham kuchaytirilgan tarzda olib borilmoqda.
Xususan, olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasidagi quyidagi jinoyatlar fosh etildi.
Jumladan, joriy yilning 5 avgust kuni Xorazm viloyat IIB JQB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida Xiva tumanida joylashgan dorixona sotuvchisi, 1986 yilda tug‘ilgan Z.Q. ismli ayol 17 konvalyuta “Benzonal” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini qonunga xilof ravishda 500 000 so‘mga sotgan paytida ushlandi. Dorixona ko‘zdan kechirilganida yana 2 konvalyuta ushbu nomdagi dori vositasi borligi maʼlum bo‘ldi.
Bundan tashqari, joriy yilning 9 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi IIV JQBB va viloyat IIB JQB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida, Shovot tumanida joylashgan dorixona sotuvchisi, 1997 yilda tug‘ilgan, X.O‘. ismli ayol 15 konvalyuta “Benzonal” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 500 000 so‘mga qonunga xilof ravishda sotayotgan paytida ushlandi, shundan keyin dorixona xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida peshtaxta tagida yana 10 konvalyuta yuqoridagi kabi dori vositasi borligi aniqlandi.
Shuningdek, joriy yilning 13 avgust kuni viloyat IIB va Xiva tumani IIB JQB xodimlari tomonidan Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanida istiqomat qilib kelgan, 1994 yilda tug‘ilgan, N.M. ismli ayol Urganch shahrining Gurlan ko‘chasida to‘xtatilib, yonlari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, u yonida 10 flakon “tropikamid” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini qonunga xilof ravishda saqlab qo‘yganligi maʼlum bo‘ldi.
Mazkur xolatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati