11 Iyun 2020 yil 2195

Rasmiy munosabat: Ijtimoiy tarmoqlar “Xorazm viloyatida ayol kishini bir guruh ayollar urmoqda” degan sarlavha ostida tarqalgan videolavha yuzasidan

2020 yil 11 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda bir nafar ayol kishini bir guruh ayollar urayotganligi aks etgan videolavha tarqatilgan bo‘lib, holat Xorazm viloyatida sodir bo‘lganligi aytib o‘tilgan.

Ushbu videolavha Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan zudlik bilan o‘rganib chiqildi.

O‘rganish jarayonida quyidagilar maʼlum bo‘ldi: Videolavhadagi holat 2020 yil 9 iyun kunidan 10 iyun kuniga o‘tar kechasi Qo‘shko‘pir tumanida sodir bo‘lgan va jabrlanuvchining hudud profilaktika inspektoriga qilgan murojaati asosida IIB navbatchilik qismida belgilangan tartibda hisobga olinib, surishtiruv ishlari boshlangan.

Holatga aloqador barcha shaxslarning shu jumladan, uni  uyali telefoni orqali video tasvirga olib ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan erkakning ham shaxsiga aniqlik kiritilgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b,g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘tkazilgan tergov harakatlarining yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ravishda axborot beriladi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech