23 Noyabr 2020 yil 7779

Rasmiy munosabat: Ayol kishini yechintirib va bu jarayonni videotasvirga olib ijtimoiy tarmoqlarga tarqatish bilan bog‘liq holat yuzasidan

Joriy yilning 22 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Хorazm shevasida so‘zlayotgan bir guruh ayollar tomonidan boshqa bir ayol kishini qizlik iffati yo‘qligini ro‘kach qilib yechintirib uyali telefoni orqali olgan videotasvir tarqaldi.

Ushbu videolavhadagi holat qachon, qayerda sodir bo‘lganligi va jarayon ishtirokchilarining shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan tergovoldi tekshiruv harakatlari olib borildi.

Olib borilgan surushtiruv jarayonida mazkur holat joriy yilning 7 oktyabr kuni Urganch shahrida sodir bo‘lganligi maʼlum bo‘ldi.

Jarayon ishtirokchilarining shaxsi to‘liq aniqlangan bo‘lib, tergov manfaatlari va jabrlanuvchining shaxsiy hayot daxlsizligini taʼminlash maqsadida ishtirokchilarning ism-shariflari oshkor etilmaydi.

Mazkur holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi maʼlumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish, shuningdek shaxsga doir maʼlumotlardan qonunga xilof ravishda turli ko‘rinishda foydalanish qonun bilan taʼqib qilinadi.

Mazkur holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ushbu videolavhani ijtimoiy tarmoqlarda tarqatayotgan shaxslarning javobgarlik masalasi ham ko‘rib chiqiladi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech