Rasmiy munosabat: Ijtimoiy tarmoqda "Xorazmda YPX xodimi va haydovchi o‘rtasida janjal" sarlavhasi ostida tarqalgan videolavha yuzasidan
Joriy yilning 11 avgust kuni Xorazm viloyati, Urganch shahar, Maʼrifatchi ko‘chasida YPX xodimi Yo.Komilov tomonidan “Malibu” rusumli avtomobil haydovchisiga to‘xtash ishorasi ko‘rsatilgan. Haydovchi YPX xodimining qonuniy talabini bajarmasdan harakatini davom ettirgan.
YPX xodimi Yo.Komilov bo‘ysunmasdan harakatlanib ketgan haydovchi boshqaruvidagi avtomobil maʼlumotlarini aloqa vositasi yordamida keyingi chorrahada xizmat olib borayotgan YPX xodimlari A.Olimov va O.Zaripovlarga yetkazgan.
YPX xodimlari tomonidan bo‘ysunmay harakatlangan haydovchi boshqaruvidagi avtomobil “Tinchlik” ko‘chasida to‘xtatilgan.
YPX xodimi O.Zaripov haydovchiga o‘zini tanishtirib, meʼyoriy hujjatlarini taqdim qilishini so‘raganda, haydovchi 30 daqiqa davomida shaxsini maʼlum qilmasdan hujjatlarini taqdim qilmagan. YPX xodimlari haydovchiga hududiy IIBga borib shaxsiga aniqlik kiritilishini aytgan vaqtda haydovchi xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatgan. “Lasetti” rusumli, 90 526 VSF davlat raqam belgili xizmat avtomobilida haydovchini hududiy IIBga olib bormoqchi bo‘lganda haydovchi xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatishda davom etgan.
Holat haqida Urganch shahri bo‘yicha IIO FMB tezkor-tergov guruhiga xabar berilgan. Tezkor-tergov guruhi voqea joyiga yetib kelgan. YPX xodimi tomonidan haydovchi D.B.ga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va uning boshqaruvida bo‘lgan “Malibu” rusumli avtomobil O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 291-moddasiga asosan vaqtinchalik ushlab turish uchun jarima maydoniga qo‘yilgan.
Haydovchi D.B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 135-moddasi va 194-moddasiga asosan hujjatlar to‘planib, o‘rganib chiqishlik uchun sudga yuborish choralari ko‘rilmoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati