Rasmiy munosabat: YouTube videoxostingida Guliston Botirovaga tegishli kanalda 2020 yil 3 iyun kuni eʼlon qilingan audiomurojaat yuzasidan
2020 yil 3 iyun kuni YouTube videoxostingida Guliston Botirovaga tegishli kanalda “Prezident Shavkat Mirziyoyev murojaatimni ko‘rib chiqishingizni iltimos qilaman” nomli sarlavha ostida Xorazm viloyati Yangibozor tumanida yashovchi fuqaro Jumagul Ro‘zimovaning audiomurojaati eʼlon qilingan.
Fuqaro J.Ro‘zimova o‘zining murojaatida 2020 yil 21 aprel kuni o‘g‘lining o‘z joniga qasd qilib vafot etishida hudud profilaktika inspektorini aybdor deb bilishini bayon qilganligi sababli, u tomonidan keltirilgan vajlar Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganilganligini maʼlum qilamiz.
Shuni alohida qayd etish kerakki, J.Ro‘zimovaning o‘g‘li J.Matqurbanovni 2020 yil 21 aprel kuni o‘z joniga qasb qilib vafot etganligi holati yuzasidan Yangibozor tumani prokuraturasi tomonidan tergov qadar tekshiruv o‘tkazilib, J.Matqurbanov o‘zini-o‘zi osib, joniga qasd qilganligi holatida biron-bir shaxsning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan 2020 yil 30 aprel kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Xususan, Yangibozor tuman prokuraturasi tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida hudud profilaktika inspektori J.Adambayev tomonidan fuqaro J.Matqurbanovga nisbatan 2020 yil 18 aprel kuni karantin davrida tibbiy niqob taqmasdan yurganligi uchun maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilishi holatiga ham huquqiy baho berilib, maʼmuriy bayonnoma asosli tarzda tuzilgan deb topilgan. Shu bilan birgalikda profilaktika inspektori tomonidan maʼmuriy bayonnoma tuzilgan paytda J.Matqurbanovning oldida otasi ham ishtirok etgan bo‘lib, profilaktika inspektori tomonidan ularga nisbatan tazyiq va bosim o‘tkazilmagan.
Bundan tashqari fuqaro J.Ro‘zimovaning murojaatida keltirib o‘tgan vajlari yuzasidan, uning ilgari IIV ishonch telefoniga qilgan murojaati bo‘yicha Xorazm viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan ham xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan bo‘lib, bu jarayonda ham uning o‘g‘lini o‘z joniga qasd qilishida hudud profilaktika inspektorining aybi aniqlanmagan.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati