Safimizdagi fidoyilar: Katta leytenant Anvar Madirimov
Madirimov Anvar Ollaberganovich 1988 yilda Qo‘shko‘pir tumanidagi “Xonobod” qishlog‘ida tug‘ilgan. 2010 yil Toshkent moliya institutini tamomlab, xalq bankining viloyat filialida bosh mutaxassis lavozimida ishlagan. 2013 yil IIV akademiyasi qoshidagi serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kursida tahsil olgan. 2014 yil viloyat IIB PPX va JTSB PPX batalyoni xizmat guruhi inspektori vazifasiga qabul qilingan. 2017 yil viloyat IIB PPX va JTSB tashkiliy va axborot tahlil guruhi muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektori, 2020 yildan buyon viloyat IIB PPX va JTSB PPX batalyoni 1-otryad komandirining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida xizmat qilmoqda.
Katta leytenant Anvar Madirimov ichki ishlar vazirligining tegishli buyruqlari asosida xodimlarning maʼnaviy ongini, madaniyatini, siyosiy-huquqiy bilim saviyasini oshirish borasida sidqidildan xizmat qilib kelmoqda. U shaxsiy tarkibning kasbiy va jangovar mahoratini oshirish xizmat samaradorligiga erishishning muhim jihati, deb biladi. Shu bois, otryad xodimlari ichki ishlar organlari xodimlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan turli sport musobaqalarida, ko‘rik tanlovlarida sovrindorlar safidan munosib o‘rin egallashmoqda.
Qaxramonimiz xodimlarning turmush sharoitini o‘rganish, ularni moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlash, xizmatini munosib baholash, rag‘batlantirish, oila aʼzolari bilan turli madaniy tadbirlar o‘tkazib borishga ham alohida eʼtibor qaratgan.
-Xodimlarimizda xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy rioya etish, halol, vatanparvar, tashabbuskor bo‘lish hissini kuchaytirish muhim vazifa sanaladi,-deydi katta leytenant Anvar Madirimov.-Bu esa har bir xodimni halol va vijdonan xizmat qilishga, yurtimizni, xalqimizni har qanday ko‘rinishdagi jinoiy tajovvuzlardan ishonchli himoya qilishga undaydi.
Katta leytenant Anvar Madirimov koronavirus pandemiyasi davrining og‘ir va sinovli damlarida fuqarolar salomatligini muhofaza qilish maqsadida o‘tkazilayotgan ko‘plab targ‘ibot tadbirlarida, xayriya aksiyalarida ham faol ishtirok etayapti.
Urganchlik R. Go‘zal jinoyat sodir qilib muqarrar jazodan qutilib qolish maqsadida qo‘shni viloyat xududida yashirinadi. Darhol shahar ichki ishlar bo‘limi tomonidan unga nisbatan qidiruv eʼlon qilinadi. Oradan biroz muddat o‘tgach, Go‘zal Urganch shahar xududida paydo bo‘ladi. Bundan xabar topgan katta leytenant Anvar Madirimov otryad xodimlari bilan uni qo‘lga oladi.
Xizmat vazifasini bajarishda hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan bu yigit bir necha bor boshqarma rahbariyati tomonidan munosib rag‘batlantirilgan.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.