15 Dekabr 2021 yil 464

“Sog‘lom va barkamol oila”: Xorazm viloyatida sport musobaqalari va kitobxonlik bellashuvining birinchi bosqichi g‘oliblari aniqlandi

Respublikamizning 3-sektorlarida yashovchi oilalar o‘rtasida sport musobaqalari va kitobxonlik bellashuvlarini o‘tkazish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Turizm va sport vazirliklarining qo‘shma qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Xorazm viloyatining 3-sektorlarida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri sovrini uchun “Sog‘lom va barkamol oila” shiori ostida sport musobaqalari va kitobxonlik bellashuvlari o‘tkazilayotganligi to‘g‘risida xabar bergan edik.

Joriy yilning 9-14 dekabr kunlari Xorazm viloyatining barcha shahar va tumanlaridagi 3-sektor tarkibiga kiruvchi mahallalarda istiqomat qiluvchi barcha oilalar faol ishtirok qilgan sport musobaqalari va kitobxonlik bellashuvi birinchi bosqichi o‘tkazilib, g‘oliblar aniqlandi.

Xususan 14 dekabr kuni Xiva va Urganch shaharlari hamda Hazorasp, Xonqa, Yangibozor va Yangiariq tumanlarida bo‘lib o‘tgan musobaqalarda sportsevar oilalar sportning  “Stol tennisi”, “Quvnoq startlar”, “Shashka”, “Shaxmat” va “Badminton” turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashgan bo‘lsalar, kitobxon oilalar “Eng yaxshi maʼnaviy yetuk oila” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun bellashdilar.

“Sog‘lom va barkamol avlod” shiori ostida bo‘lib o‘tgan ushbu musobaqa g‘oliblariga tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar tantanali tarzda topshirilib, Ichki ishlar vaziri sovrini uchun bo‘lib o‘tayotgan mazkur sport musobaqalari va kitobxonlik bellashuvlarining viloyat bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanma berildi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech