18 Sentyabr 2020 yil 856

Urganch tumanidagi qotillik jinoyati jamoatchilik ishtirokida muhokama etildi

Joriy yilning 16 sentyabr kuniga o‘tar kechasi Urganch tumanida sodir etilgan qotillik jinoyati to‘g‘risida eshitgan insonlarning qalbi larzaga keldi. Chunki katta umidlar bilan turmush qurib, yigirma yildan ortiq bir yostiqqa bosh qo‘ygan er o‘z xotinining qotiliga aylangandi.

Ushbu mudhish jinoyat sodir bo‘lgan mahallada  17 sentyabr kuni keng jamoatchilik ishtirokida jinoyatning kelib chiqish sabab va shart-sharoitlari muhokama qilindi.

Xorazm viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosarlari, tuman sektor rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va uning o‘rinbosari, bir guruh faollar ishtirok etgan muhokamada jinoyatning kelib chiqishiga er-xotinning oila-turmush doirasidagi o‘zaro kelishmovchiligi asosiy sabab ekanligi maʼlum bo‘ldi.

Ushbu oiladagi notinchlik va mavjud nizoni bartaraf etish, ijtimoiy muhitni yaxshilash borasida mahalla raisi va uning o‘rinbosarlari tomonidan olib borilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi hamda jamoatchilikning bu yuzasidan fikri eshitildi.

Muhokama yakunida o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmagan mutasaddilarga nisbatan intizomiy taʼsir choralari ko‘llanilishi va kelgusida bu kabi jinoyatlarni oldini olish borasida tegishli qarorlar qabul qilindi. Jumladan, Urganch tumanida oila-turmush doirasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish oyligi eʼlon qilinib, profilaktik chora-tadbirlar belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, 1976 yilda tug‘ilgan, Urganch tumanida yashovchi, S.A. joriy yilning 16 sentyabr kuniga o‘tar kechasi, o‘z uyida 44 yoshli xotinini bo‘g‘ib o‘ldirishda ayblanib, extiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, prokuratura organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech