25 Yanvar 2021 yil 799

Xorazm viloyati IIB boshlig‘ining Urganch tumani yoshlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining tayanchi bo‘lgan yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini o‘rganish va qo‘llab-quvvatlash bugungi kunda davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biridir.

Ana shulardan kelib chiqqan holda, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha Xorazm viloyati 3-sektor rahbari, viloyat IIB boshlig‘i general-mayor D.A.Nazarmuhamedov Urganch tumanida istiqomat qiluvchi bir guruh yoshlar bilan uchrashdi.

“Yoshlar markazi” binosida o‘zaro ishonch va samimiylik ruhida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yuz nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi.

Dastlab bo‘sh ish o‘rinlari “Mehnat yarmarkasi”da taklif etilgan ish o‘rinlari bilan tanishgan yoshlar o‘zlari uchun maʼqul bo‘lgan korxona va tashkilotlar bilan mehnat shartnomasini tuzdilar.

Urganch tumani yoshlari bilan o‘tgan uchrashuvda Xorazm viloyati IIB boshlig‘i bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash va ularni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tgan bo‘lsa, viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik S.Q.Raximov viloyatimiz, xususan Urganch tumanida sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar, hamda amalga oshirilayotgan profilaktik chora-tadbirlar  to‘g‘risida hisobot berdi.

Shundan so‘ng kun tartibidagi asosiy masala bo‘lgan yoshlarning murojaatlarini qabul qilish boshlandi. 

Ishtirokchi yoshlardan kelib tushgan 40 dan ortiq murojaatlarning aksariyati kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish maqsadida imtiyozli kredit ajratilishi bilan bog‘liq bo‘lib, ushbu murojaatlar yuzasidan tijorat banklarining boshqaruvchilari ijobiy hal etish to‘g‘risida rozilik berdi. O‘z navbatida barcha murojaatlar va ularning ijrosi viloyat IIB boshlig‘i tomonidan nazoratga olindi.

Yig‘ilish yakunida tumanda yashovchi 16 yoshga to‘lgan besh nafar yigit-qizlarga ID kartalar tantanali ravishda topshirilgan bo‘lsa, sportning Muay-tay turi bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, Urganch tumanida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan Davronbek Mattiyevga yoshlar o‘rtasida sportni targ‘ib etish borasidagi  xizmatlari uchun boshqarma boshlig‘i tomonidan qimmatbaho sovg‘a taqdim etildi.

Bu kabi uchrashuvlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida o‘tkazilishi belgilab olindi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech