13 Iyun 2020 yil 1137

Xorazm viloyati IIB tomonidan qalbaki valyutafurushlik bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh aʼzolari qo‘lga olindi

Xiva shahrida yashovchi fuqaro 2020 yil 11 iyun kuni Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, o‘ziga oldindan notanish bo‘lgan shaxslardan 11 000 000 so‘m evaziga 1 000 YEVRO ayriboshlab olganligini, lekin keyinchalik ushbu xorijiy valyutalarning qalbakiligini bilib, pullarini qaytib olishida yordam so‘ragan.

Mazkur murojaat yuzasidan zudlik bilan Xorazm viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi tomonidan tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida, Navoiy viloyatida yashovchi fuqaro B.M. boshqaruvidagi Neksiya rusumli avtomashina Gurlan tumanida to‘xtatilib xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida avtomashina salonida 3 500 YEVRO va 50 AQSH dollari miqdoridagi xorijiy valyutalar va 16 490 000 so‘m miqdoridagi milliy valyuta borligi aniqlandi.

O‘tkazilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra avtomashina salonidan olingan xorijiy valyutalar qalbaki ekanligi maʼlum bo‘ldi. Shuningdek B.M. Urganch shaxrida yashovchi yana bir fuqaroga 5 490 000 so‘m evaziga 500 qalbaki YEVROni o‘tkazganligiga dastlabki surishtiruvlar jarayonida aniqlik kiritildi.

Qalbaki xorijiy valyutalarni muomalaga kiritishga uringan jinoiy guruh aʼzolarining qilmishini to‘liq fosh etish maqsadida, Xorazm viloyati IIB  va IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida nazorat tartibida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Toshkent shahrida yashovchi yana bir nafar gumondor fuqaroning uyida o‘tkazilgan tintuv vaqtida qalbaki 200 AQSH dollarini muomalaga kiritish maqsadida saqlab  qo‘yganligi aniqlandi va u ham qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech