Xorazm viloyatida fosh etilgan giyohfurush guruh tarkibida ayol kishi ham borligi maʼlum bo‘ldi
Giyohvandlik asr vabosi sifatida eʼtirof etilishi bejiz emas, chunki giyohvandlikka ruju qo‘ygan shaxs o‘zining sog‘lig‘iga zarar yetkazishi bilan birgalikda, jamiyatga ham xavf tug‘dirishi shubhasiz. Shu bois ham taraqqiyotni ko‘zlagan har bir davlat, jamiyat va inson giyohvandlikka qarshi kurashmog‘i lozim. Giyohvandlikka qarshi kurashning eng samarali yo‘li esa albatta giyohfurushlik bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yishdir.
Joriy yil davomida Xorazm viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan keng qamrovli tezkor-profilaktik chora-tadbirlar natijasida giyohfurushlik bilan bog‘liq bir necha jinoiy xolatlar fosh etildi.
Jumladan, 27 oktyabr kuni Xorazm viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati va viloyat DXX boshqarmasi xodimlari tomonidan hamkorlitkda o‘tkazilgan tezkor tadbirda giyohfurushlik bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh fosh etildi.
Dastlab, Urganch shahrida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan R.N. giyohvandlik vositalarini saqlashda gumon qilinib, Urganch tumani markazida joylashgan restoran oldida to‘xtatib, xolislar ishtirokida yoni ko‘zdan kechirilganida uning yonida 0,15 gramm “geroin” va 1,37 gramm “marixuana” giyohvandlik vositalari borligi maʼlum bo‘ldi.
R.N. ushbu giyohvandlik vositalarini, Urganch shahrida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan B.M. dan sotib olganligi aytganligi bois, nazorat tartibida o‘tkazilgan tadbir jarayonida B.M. o‘zining “mijozi” R.N.ga 0,91 gramm “geroin” giyohvandlik vositasini 2 000 000 so‘mga sotayotganida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Shuningdek B.M. ga tegishli avtomashina ko‘zdan kechirilganida avtomashina salonida 1,23 gramm “geroin” va 0,17 gramm “marixuana” giyohvandlik vositalarini kelgusida o‘tkazish maqsadini ko‘zlab saqlab kelayotganligi maʼlum bo‘ldi.
O‘z navbatida B.M. ushbu giyohvandlik vositalarini Urganch shahrida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan F.S. ismli ayoldan sotib olganligi bildirganligi sababli, tezkor xodimlar nazorati ostida o‘tkazilgan tadbirda, ushbu ayol o‘zining “mijoz”iga 10,44 gramm “geroin” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotayotganida qo‘lga olindi. Shundan keyin ayol istiqomat qiluvchi xonadonda xolislar ishtirokida o‘tkazilgan tintuv jarayonida, u kelgusida o‘tkazishni ko‘zlab 1,95 gramm “geroin” giyohvandlik vositasini saqlab qo‘yganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondorlar ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati