Xorazm viloyatida giyohfurushlik bilan bog‘liq navbatdagi jinoyatlar fosh etildi
Xabaringiz bor joriy yilning o‘zida mamlakatimizda giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish maqsadida ikki bosqichda “Qoradori-2021” profilaktik tadbiri o‘tkazildi. Mazkur tadbirning ikkinchi bosqichi 30 sentyabr kuni yakuniga yetgan bo‘lsada giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish uzliksiz davom etishini bildirib o‘tgan edik. Xorazm viloyati ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan fosh etilgan quyidagi jinoyatlar bunga misoldir.
Jumladan, Xorazm viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir jarayonida juda ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositalari g‘ayriqonuniy aylanishining oldi olindi. Urganch shahrida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan, I.K. 2021 yil 4 oktyabr kuni Urganch shahrining Al-Xorazmiy ko‘chasida vazni 9,88 gramm ko‘p miqdordagi giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda 3 000 000 so‘mga sotib o‘tkazgan paytida ushlangan. Shundan keyin gumondorlarning yashash joyida o‘tkazilgan tintuv jarayonida kelgusida o‘tkazish maqsadida saqlab qo‘yilgan yana 200 gramm giyohvandlik vositasi topildi. Giyohfurushlar ushbu “zahri qotil”ni shirinlik qog‘oziga qadoqlab olib kelishganligi maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, Xorazm viloyati IIB Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan joriy yil 26 oktyabr kuni o‘tkazilgan tadbir natijasida, giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi bilan bog‘liq yana bir jinoyat fosh etildi. Urganch tumanida yashab kelayotgan, 1973 yilda tug‘ilgan, G‘.M. Urganch shaxar Markaziy dexkon bozori hududida “opiy” giyohvandlik vositasini 2 000 000 so‘mga sotayotgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olindi. Shundan keyin uning yoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida bir bo‘lak qadoqlangan holdagi “opiy” giyohvandlik vositasini kelgusida o‘tkazish maqsadida saqlab qo‘yganligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olindi.
Yuqoridagi xolatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati