21 Noyabr 2022 yil 494

“Xotin-qizlar bilan ishlash xaritasi” chora-tadbirlarni amalga oshirishda asosiy dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda

Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan davlat siyosatini Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarga nisbatan samarali tatbiq etish, ularning ijtimoiy faolligi hamda kasbiy tashabbuskorligini oshirish, shuningdek bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, mavjud muammolarini hal qilishga ko‘maklashish borasidagi ishlar manzilli tarzda amalga oshirilmoqda.

Xususan, Xorazm viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik D.Bog‘ibekova tomonidan  “Xotin-qizlar bilan ishlash xaritasi” asosida har bir xotin-qizning ish faoliyati va oilaviy sharoitini atroflicha o‘rganib, ularning xizmat faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bevosita rahbarlariga taklif kiritildi.

Shuningdek, moddiy va maʼnaviy qo‘llab-quvvatlashga, tibbiy va psixologik yordamga muhtoj bo‘lgan xodimalarning muammolariga yechim topishda amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Jumladan, tizimda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan barcha xotin-qizlar navbatdan tashqari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularda aniqlangan kasalliklarni davolash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tibbiy muassasalar bilan hamkorlik o‘rnatildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash uchun maishiy komissiya va kasaba uyushmasiga taklif kiritildi.

Joriy yil davomida Xorazm viloyati ichki ishlar organlarida faoliyat olib borayotgan va IIV Xorazm akademik litseyida o‘qiyotgan xotin-qizlar, shuningdek uzoq yillar samarali xizmat qilib pensiyaga chiqqan faxriy ayollar bilan viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi vakillari hamkorligida “Uch avlod ayollari” uchrashuvlari tashkil etildi.

Uchrashuvlarda ishtirokchilar eʼtiboriga mamlakatimizda xotin-qizlar va gender tenglik masalalarida olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, ichki ishlar organlari xodimlari uchun yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar to‘g‘risida tushuntirildi.

Bundan tashqari maʼnaviyat marshrutiga muvofiq xotin-qizlarning uyushgan holda muzey, teatr, tarixiy qadamjolarga tashriflari tashkil etildi.

Xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarziga, tartib intizomga, kiyinish madaniyati va odob-axloq qoidasiga, qonuniylikka amal qilish, maʼnaviy-ruhiy muhit sog‘lomligini taʼminlash bo‘yicha doimiy ravishda tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech