1 Avgust 2022 yil 602

Xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish asosiy maqsadimiz

O‘zbekistonda “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar” doirasida ustuvor maqsadlardan biri sifatida “Gender tenglikni taʼminlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” belgilangan. Ushbu maqsadga erishish uchun xotin-qizlarning o‘z huquq va manfaatlarini ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirishida ularni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi dasturlarni kengaytirish talab etiladi. 2022–2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.

Ayni kunlarda Xorazm viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari podpolkovnik D.Bog‘ibekova hamkor tashkilotlarning masʼul vakillari ishtirokida mehnat jamoalari va mahallalarda Milliy dastur targ‘ibotiga oid uchrashuvlar o‘tkazib kelmoqda.

Xonqa tumanida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda,  Milliy dasturda xotin-qizlarning huquqlariga inson huquqlarining ajralmas bo‘lagi sifatida qaralishi hamda u “Inson qadri uchun” tamoyilidan kelib chiqqan holda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar majmui hisoblanishi taʼkidlab o‘tildi.

Xususan, Milliy dastur xotin-qizlarning jamiyat siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotida teng huquqlar asosida to‘laqonli ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi tushuntirildi.

Jumladan, ichki ishlar organlari tomonidan xotin-qizlar orasida tazyiq va zo‘ravonlikka uchrash hamda odam savdosi qurboni bo‘lish holatlarining oldini olish, jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan, chet elga chiqib ketgan, davlat va jamoat tashkilotlarida hamda xususiy sektorda mehnat qilayotgan xotin-qizlarni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va ularning qonuniy manfaatlari himoyasini yana-da kuchaytirish, xotin-qizlar orasida jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularda huquqiy madaniyat va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga daxldorlik hissini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil so‘z yuritildi.

Ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu chora-tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad xotin-qizlar orasida jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olishda  fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yanada oshirishdir.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech