6 Sentyabr 2020 yil 1501

Yangibozor tumanida xotin-qizlarning huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar

Yangibozor tumani viloyatning asosan agrar sohaga mo‘ljallangan tumanlaridan biri bo‘lib, aholining, shu jumladan xotin-qizlarning aksariyati qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritadi.

Uy-ro‘zg‘or yumushlaridan ortib, dalada ishlayotgan ushbu xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish taʼbir joiz bo‘lsa insoniylikning eng oliy namunalaridan biridir.

Yangibozor tumani IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori mayor Yulduz Qalandarova qisqa davrda tumanda yashovchi xotin-qizlarning biriga opa, biriga singil yana biriga dugona bo‘lib qoldi.

Tumandagi 23 mingdan ortiq oilada istiqomat qilib kelayotgan qariyb 44 ming nafar xotin-qizlarning barchasini tinch-totuv hayot kechirib kelmoqda, deb bo‘lmaydi.

Mayor Yu.Qalandarova tumanidagi barcha mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va ularning o‘rinbosarlari bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Shu bois, oilalarda paydo bo‘lgan har qanday ko‘rinishdagi kelishmovchilik ishtirokchisi bo‘lgan xotin-qizlar dastlabki jarayondayoq mahalla faollari, kayvoni onaxonlarni jalb qilgan holda murosaga keltiriladi.

Albatta, hamma ham birdek murosaga kelmasligi tabiiy, bunday holatlarda esa mayor Yu.Qalandarova jabr ko‘rgan xotin-qizlarni huquqiy himoya qilishga kirishadi, joriy yilning o‘tgan davrida tayziq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 29 nafar xotin-qizga “Himoya orderi” berildi.

Ijtimoiy himoya va moddiy ko‘makka muhtoj oilalarga oziq-ovqat va bir martalik pul mablag‘larini  to‘g‘ri va to‘liq taqsimlanishida ham mayor Yu.Qalandarova fidoyilik ko‘rsatib kelmoqda.

Ichki ishlar organlarining probatsiya xizmati yoki profilaktik hisobida turgan xotin-qizlar bilan doimiy ravishda yakka tartibda profilaktik suhbatlar olib borilayotgani esa ularning sog‘lom hayotga tezroq qaytishida muhim o‘rin tutmoqda.

Amalga oshirilayotgan ushbu ishlar mamlakatimizda gender tenglikni taʼminlash hamda ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarning asosini tashkil qiladi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech