Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi
Ichki ishlar organlarining yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlashga masʼul bo‘lgan sohaviy yo‘nalishida xizmat qilayotgan xodimlar o‘z faoliyatini amalga oshirishda aholining keng qatlami bilan bevosita muloqotga kirishadi.
Albatta ushbu muloqotlarning aksariyatida YPX inspektorlari tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzgan fuqarolarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilishi bois, ayrim fuqarolar tomonidan ham YPX inspektorining xatti-harakatidan norozi bo‘lish xolatlarining yuzaga kelishi tabiiy.
Xorazm viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligini boshqarmasida ham aynan keng jamoatchilikni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berish maqsadida joriy yilning 1 noyabr kuni navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi.
Dastlab, YHXB boshlig‘i polkovnik Shavkat Boyxurazov joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida viloyat hududida yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar hamda sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari va ularning oqibatlari to‘g‘risida maʼlumot berib o‘tdi.
Viloyatda faoliyat yuritayotgan barcha telekanallarning vakillari va ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan blogerlar ishtirok etgan matbuot anjumani sohaga oid savollarga boy bo‘ldi.
Ijtimoiy tarmoq blogerlari matbuot anjumani davomida muhokama qilingan xolatlardan kelib chiqib endilikda faqatgina sohadagi salbiy xolatlarni yoritish bilan cheklanib qolmasdan, keng jamoatchilik o‘rtasida yo‘l harakati qoidalarini targ‘ib etish borasida ham faol qatnashishlarini taʼkidlab o‘tdilar.
Matbuot anjumani ishtirokchilari o‘zlarining qiziqtirgan barcha savollariga batafsil javob oldilar.
Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati