6 Iyun 2024 yil 6180

IIV Xorazm akademik litseyida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

IIV Xorazm akademik litseyida buyuk sarkarda va allomalarimizning hayot yo‘li va qahramonligini chuqur o‘rganish maqsadida “To‘maris davriga bir nazar” mavzusida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda viloyat “To‘maris” jamoat fondi raisi, “Tumaris avlodi” jurnali bosh muharriri Sharqiya Eshjonova so‘zga chiqib, ona yurtini bosqinchilardan mardlarcha himoya qilgan massagetlar malikasi To‘marisning hayoti va jasoratiga to‘xtalib, uning sarkardalik mahorati, davlat boshqaruvidagi odilona siyosati, betakror qaxramonligini qiziqarli misollarda hikoya qilib berdi.

Shuningdek, sevimli sanʼatkor O‘zbekiston xalq artisti Gulora Raximova tomonidan ijro etilgan “To‘maris” monologi tadbirga o‘zgacha ko‘tarinki ruh baxsh etdi.

-Xalqimiz ona-yurtini bosqinchilardan mardlarcha himoya qilgan massagetlar malikasi, mag‘rur va qo‘rqmas To‘maris nomini faxr bilan tilga olishadi,-deydi viloyat IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari, “To‘maris” ko‘krak nishoni sohibasi, podpolkovnik Dilnoza Bog‘ibekova.-Uning hayoti va jasorati yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.

Xullas, o‘quvchilar mazkur tadbir orqali To‘marisning hayoti va betakror qaxramonligi haqida boy tasavvurga ega bo‘lishdi.

Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbiri

Text to speech