21 Mart 2024 yil 2383

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Irkinovich Sultanxodjayevning “Navro‘z" umumxalq bayrami munosabati bilan yo‘llagan tabrigi

Assalomu alaykum, hurmatli hamkasblar, aziz faxriylarimiz!

Mana shu go‘zal va hayajonli damlarda Sizlarni ulug‘ ayyom – Navro‘z bayrami bilan samimiy tabriklayman.

Bugun viloyatimizning shahar va qishloqlari, bog‘ va maydonlarida katta shod-u xurramlik bilan Navro‘z sayillari o‘tkazilmoqda. Qalblarimiz quvonchga to‘lib turgan ushbu dilbar lahzalarda barcha hamkasblarimizni, qadrli faxriylarimizni, shuningdek xizmat vazifasini bajarish paytida halok bo‘lgan kasbdoshlarimizning oila aʼzolarini chin dildan qutlab, barchangizga yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman. Sharqona yangi yilimiz muborak bo‘lsin! Navro‘zi olamning qadami qutlug‘ kelsin!

Xalqimizda tinch va osuda yurtga bayramlar, to‘ylar yarashadi degan purmaʼno ibora bor. Yurtimiz tinchligini taʼminlashda ichki ishlar organlarining har bir xodimi o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Xorazm viloyatida esa ichki ishlar organlarining faxriylari yosh hamda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan mahallalarda faoliyat olib borayotgan profilaktika inspektorlariga o‘zlarining boy hayotiy va ish tajribalaridan kelib chiqqan holda maslahatchi-murabbiy sifatida yaqindan yordam berib, tashabbus ko‘rsatib kelmoqdalar.

Shu qutlug‘ ayyomda Vatan ravnaqi yo‘lida qilayotgan munosib xizmatingiz uchun barchangizga minnatdorchilik bildiraman.

Bugun viloyatimizda istiqomat qilib kelayotgan ellik sakkiz mingdan ortiq yoshlar ichki ishlar organlarining masʼul xodimlariga biriktirilib, otaliqqa olindi. Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lgan ushbu yoshlarimiz eng yuksak marralarni egallashlari uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib beramiz.

Qadrli hamkasblar!

Barchangizni Navro‘z umumxalq bayrami bilan yana bir bor tabriklayman. Fasli navbahor har bir oilaga, elu yurtimizga tinchlik va farovonlik, baxtu saodat olib kelsin!

Hurmat bilan,

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i,

polkovnik

Sultanxodjayev Ravshan Irkinovich

Text to speech