29 Mart 2024 yil 6744

Noqonuniy “mayning” fermalari fosh etildi

Axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan Hozirgi davrda ayrim g‘araz niyatli shaxslar bundan noqonuniy boylik orttirish yo‘lida foydalanishga urinmoqda.

Ayniqsa noqonuniy “mayning” fermalarini tashkil etish va elektr tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlari soni ortib bormoqda.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Xorazm viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida noqonuniy faoliyat olib borayotgan 5 ta “mayning” fermasi fosh etildi.

Jumladan, Yangibozor tumani Yangiyop mahallasida yashovchi, 1980 yilda tug‘ilgan, J.T. o‘z uyida 2 dona Antminer S11 rusumli mayning qurilmasini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, noqonuniy tarzda foydalanib, tuman elektr tarmoqlari korxonasi manfaatlariga 320 000 000 so‘m miqdorida zarar yetkazganligi maʼlum bo‘ldi.

Xonqa tumani “Mustaqillik” mahallasida yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan, E.Q. esa uyining tom qismida o‘rnatilgan 1 dona ASIC Bitmain Antminer S11 rusumli “mayning” qurilmasini elektr tarmog‘iga noqonuniy ravishda ulab foydalanib kelayotganligi tezkor xodimlar tomonidan fosh etildi, u tuman elektr tarmoqlari korxonasi manfaatiga 7 878 570 so‘m miqdorda zarar yetkazganligi maʼlum bo‘ldi.

Yangibozor tumani Nurli bo‘ston ko‘chasida yashovchi 1979 yilda tug‘ilgan A.S. esa yashash uyining yordamchi xo‘jaligiga o‘rnatilgan 4 dona Antminer L 3 rusumli “mayning” qurilmasidan noqonuniy foydalanish orqali tuman elektr tarmoqlari korxonasi manfaatiga 193 000 000 so‘m miqdorida zarar yetkazganligi aniqlandi.

Yangibozor tumani Xamza mahallasida yashovchi 1979 yilda tug‘ilgan D.M.ning xonadoni tezkor xodimlar tomonidan xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, u yashash uyining yordamchi xo‘jaligiga o‘rnatilgan 1 dona Antminer S11 “mayning” qurilmasidan noqonuniy foydalanib kelayotganligi, buning natijasida esa tuman elektr tarmoqlari korxonasi manfaatiga 16 000 000 so‘m miqdorida zarar yetkazganligi aniqlandi.

Yangibozor tumani Achaqala mahallasida yashovchi, 1976 yilda tug‘ilgan E.Q. nazorat qilinmaydigan daromad ko‘rish va noqonuniy yo‘llar bilan jinoiy boylik orttirish maqsadida, yashash uyining yordamchi xo‘jaligiga o‘rnatilgan 3 dona Antminer S11 rusumli “mayning” qurilmasini elektr tarmog‘iga noqonuniy ravishda ulab, foydalanib kelayotganligi, buning natijasida tuman elektr tarmoqlari korxonasi manfaatiga 32 000 000 so‘m miqdorida zarar yetkazganligi aniqlandi.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech