2 Aprel 2024 yil 8673

Urganch tumanida ikkita guruh o‘rtasida rejalashtirilgan janjalning oldi olindi!

Joriy yilning 31-mart kuni, viloyat IIB Tezkor-qidiruv xizmatiga Urganch tumani “Bog‘dorchi” mahallasi hududida 30 nafarga yaqin fuqarolar o‘zaro guruh-guruh bo‘lib mushtlashishni rejalashtirganliklari to‘g‘risida maʼlumot kelib tushgan.

Ushbu maʼlumotga asosan, hodisa joyiga zudlik bilan yetib borgan viloyat IIB va DXX boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida, ushbu guruhlar o‘rtasida rejalashtirilgan o‘zaro janjalning oldi olinishiga erishildi. Aniqlanishicha, ushbu ikki guruh tarkibida bo‘lgan 2 nafar shaxs o‘rtalarida kelib chiqqan o‘zaro nizoni tanishlarini jalb qilgan holda, guruh-guruh bo‘lib janjallashib hal qilishga uringan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 9 nafar shaxs ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olindi, shuningdek hodisa ishtirokchisi bo‘lgan yana 6 nafar shaxs Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 (Mayda bezorilik) va 194-moddalariga (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) asosan 15 sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olindi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech