8 May 2024 yil 8078

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik R.I.Sultanxodjayevning 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi

Assalomu alaykum!

Xorazm viloyati ichki ishlar organlari xodimlarini, aziz faxriylarimizni hamda yurtimiz tinchligini himoya qilib, xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan xodimlarimizning oila aʼzolarini 9-may – Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 79 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklayman.

Bugungi qutlug‘ ayyomda o‘z jonini ona yurt uchun qurbon qilgan hamkasblarimizning ruhi poklari oldida bosh egib taʼzim qilamiz, ularning nomlari qalbimizda abadiy yashaydi.

Ichki ishlar organlarida xizmat qilgan azmu shijoatli, fidoyi faxriy-ustozlarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz. Yosh xodimlarni Vatanga, xalqqa sadoqatli etib tarbiyalashda sizlarni doimo o‘rnak deb bilamiz.

Bugungi erkin va ozod hayotimiz zamirida ichki ishlar organlari xodimlarining ham fidokorona xizmatlari, Vatanga sadoqati mujassam desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Qadrli hamkasblar, hurmatli faxriylar!

Sizlarni bugungi ulug‘ ayyom bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka, bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik va osoyishtalikni asrash, jamoat tartibini saqlash, barqarorlikni taʼminlash, qonuniylik hamda huquq-tartibotni mustahkamlashdek masʼuliyatli va sharafli xizmatlaringizda omad va zafarlar tilayman.

Hurmat bilan,

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i,

polkovnik Sultanxodjayev Ravshan Irkinovich

Text to speech