3 Iyun 2024 yil 6447

Profilaktika xizmati: “Qizil” toifadan “yashil”ga o‘tdik

Ikki yildan buyon “Ostona” mahallasining tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash yo‘lida xizmatdamiz. Kelganimda mahalla jinoyatchilik bo‘yicha “qizil” toifada edi. Hududda ko‘proq tan jarohati, asosan, oilaviy va qo‘ni-qo‘shnilar ishtirokidagi o‘zaro janjallar bilan bog‘liq jinoyatlar ko‘p qayd etilgan.

Shu bois dastlabki ish faoliyatimni fuqarolar bilan muloqot qilishdan boshladim. Asosiy muammolarni aniqlab, ularni birgalikda hal etish chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Dastlab faol fuqarolar hamda yoshlardan iborat tungi navbatchilik guruhi tashkil etildi. Ular tungi vaqtda mahalla osoyishtaligini taʼminlashga ko‘maklashmoqda. Fuqarolar bilan tezkor aloqada bo‘lish uchun mahalla guruhini tashkil etganmiz. Barcha masalalalr ushbu guruhda tezkor hal etiladi.

Navbatdagi tashabbusimiz asosida jamoat joylari, xususan, choyxona, umumtaʼlim maktabi, savdo do‘konlari joylashgan hududlar hamda asosiy ko‘chalarga kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Ular shunchaki, kuzatuv kameralari emas, balki 360 gradus aylanada atrofni to‘liq nazoratga oladi. Yana bir qulayligi, unda gapirish va eshitish moslamasi bor. Masalan, choyxona atrofida tungi soat 22:00dan keyin fuqarolar yig‘iladigan bo‘lsa, qayerda bo‘lishimdan qatʼi nazar telefonim yoki planshet yordamida ularga kech bo‘lganini, hamma uy-uyiga tarqalishini aytaman. Ular smart kameradan mening ovozimni eshitib, tarqalishlari mumkin yoki savollari bo‘lsa, javob berish imkoniyatiga ega.

Bugungi kunda mahalla hududiga ana shunday maxsus kameralardan 102 ta o‘rnatilgan. Ularning barchasi qo‘l telefonimga va planshetga integratsiya qilingan. Shu bois qayerda bo‘lsam ham hududni to‘liq nazoratga olib, har qanday huquqbuzarlikni tezkor aniqlay olyapman. Yaqinda bir fuqaro tungi vaqtda og‘ilxonasidan qo‘yi yo‘qolganini telegram guruhga yozib, yordam so‘radi. Tezda telefonim yordamida kameralarni birma-bir kuzatib, qo‘yni topdik.

Tungi paytlarda ana shunday ko‘ngilsizliklarning oldini olish uchun mahalla hududida faoliyat yuritayotgan aksariyat fermer xo‘jaliklari dala maydonlari va nasos stansiyalariga, chorvadorlar molxonalariga, baliqchilar baliq ko‘llari atrofiga ana shunday maxsus kameralar o‘rnatishgan. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu kameralar mahallaning “qulf-kaliti”dir. Ikki yillik saʼy-harakatlarimiz natijasida “qizil” toifadan “yashil” toifaga o‘tdik.

Chet elga ishlashga ketgan fuqarolarimiz ushbu kameralarning afzalliklarini tushunib, o‘z xonadonlariga o‘rnatishni boshladi. Shu bois kelgusida 360 ta xonadonning har birini kameralashtirishni rejalashtiryapmiz.

Mahallani jinoyatdan xoli hududga aylantirishda yoshlar bilan ishlashga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun turli sport musobaqalari uyushtirilmoqda. Yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqib, “ustoz-shogird” asosida temir eshik yasovchi hamda avtomobil tuzatuvchi ustalarga biriktiryapmiz. Aksariyati maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida mehnat qilishadi.

Matyoqub MATYOQUBOV,

Yangiariq tumanidagi “Ostona” mahallasi profilaktika katta inspektori

Text to speech