Xorazm viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Irkinovich Sultanxodjayevning ulug‘ ayyom - Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi
Assalomu alaykum!
Mana shu fayzli damlarda qalbi shukuhga to‘lib turgan siz, azizlarni – ichki ishlar organlarining qadrli faxriylarini, hurmatli hamkasblarimizni, shu bilan birgalikda xizmat vazifasini bajarish paytida halok bo‘lgan safdoshlarimizning oila aʼzolarini ulug‘ ayyom – Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, eng ezgu tilaklarimni bildiraman.
Hozirgi g‘oyat murakkab va tahlikali zamonda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida ichki ishlar organlari xodimlarining fidokorona xizmatlari mujassam desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shu o‘rinda Xorazm viloyatida ichki ishlar organlari bir guruh faxriylarining kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan mahallalarda faoliyat olib borayotgan, shuningdek yosh profilaktika inspektorlariga maslahatchi-murabbiy sifatida ko‘rsatayotgan amaliy yordami bugun o‘zining ijobiy samarasini berayotganligini eʼtirof etgan holda, ushbu fidoyi faxriylarimizga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman. Maslahatchi-murabbiy sifatida huquqbuzarlikka qarshi kurashishda ko‘maklashish istagida bo‘lgan faxriylarimizning safi tobora kengayib borayotganligi barchamizni behad xursand qilmoqda.
Ishonamanki, ustoz-shogird anʼanasining yana-da takomillashgan mazkur tizimi mahallalarni jinoyat va huquqbuzarliklardan batamom holi hududga aylantirish, pirovard natijada xalqimizning tinch, erkin va farovon hayotini, farzandlarimizning yorug‘ kelajagini taʼminlash yo‘lida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Muhtaram faxriylar!
Hurmatli hamkasblar!
Barchangizni muqaddas Qurbon hayiti bayrami bilan yana bir bor tabriklayman.
Jonajon Vatanimiz, xonadonlarimizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka hech qachon arimasin!
Hurmat bilan,
Xorazm viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Irkinovich Sultanxodjayev