25 Iyul 2024 yil 4119

Erishilgan natijalar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlilidan kelib chiqib, galdagi ustuvor vazifalar belgilab olindi

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general-mayor Davron Nazarmuhammedov ishtirokida joriy yilning 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbirda Xorazm viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev, IIB boshlig‘ining o‘rinbosarlari, barcha sohaviy xizmat rahbarlari, shahar-tuman ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari, ularning o‘rinbosarlari, bo‘linma boshliqlari hamda tegishli mutasaddi xodimlar ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda boshqarma boshlig‘i tomonidan o‘tgan olti oy davomida viloyatda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibini saqlash, yo‘l-harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot berildi.

Shuningdek yig‘ilishda viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari – Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘ining ham hisoboti eshitildi.

Jinoyatchilikning ayrim turlari oshgan hudud mutasaddi rahbarlariga bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar xususida ko‘rsatma hamda topshiriqlar berildi.

Tadbirda Vazir o‘rinbosari so‘zga chiqib, korrupsiya va taʼmagirlikka yo‘l qo‘ymaslik, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya qilish borasida qatʼiy talab va topshiriqlarni yetkazdi.

Tadbir yakunida viloyat hududida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikni jilovlashda hamkasblariga har tomonlama o‘rnak bo‘lib kelayotgan xodimlardan bir guruhi rahbariyat tashakkurnomasi va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech