23 Avgust 2024 yil 8253

Joriy yilning 7 oyida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar muhokama etildi

Xorazm viloyati hokimligida joriy yilning 7 oyida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli idora, tashkilotlar hamkorligida olib borilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.  

Unda viloyat hokimi Jo‘rabek Raximov,  viloyat IIB boshlig‘i polkovnik Ravshan Sultanxodjayev,  mutasaddi tashkilot rahbarlari hamda videokonferensiya aloqa shaklida shahar va tuman tashkilotlari masʼullari ishtirok etdi.

Tahliliy va tanqidiy ruhda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli idora, tashkilotlar hamkorligida olib borilgan ishlar yetarli emas deb topildi.

Shundan kelib chiqqan holda kelgusida bu boradagi chora-tadbirlarni yana-da takomillashtirish maqsadida, viloyat hududida yo‘l-transport hodisalarining barvaqt oldini olishga qaratilgan “tungi reyd” tadbirlarini kuchaytirish, aholi orasida o‘tkazilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlarini jadallashtirish,  Probatsiya organlari hisobida turgan hamda uyushmagan yoshlarni “mahalla yettiligi”ning yoshlar yetakchilari va yoshlar ishlari agentligi xodimlariga biriktirish,  ichki ishlar organlarining profilaktik hisobida turgan hisobida turgan ayollarni esa xotin-qizlar faollariga biriktirish, sudlarda oilaviy-maishiy masalalarda nizolashib kelayotgan oilalarni “mahalla yettiligi” vakillariga biriktirish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash muassasalari hisobida turgan, spirtli ichimliklarga va giyohvandlikka ruju qo‘ygan, tajovuzkor ruhiy kasallarni hududiy QVP va oilaviy poliklinikalarning tibbiyot xodimlariga biriktirib, “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda tegishli profilaktik tadbirlarni amalga oshirish ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan tashqari, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida mahallalarda tashkil etilgan “Jamoatchilik nazorati” maskanlarini taftishdan o‘tkazib, faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilab olindi.  Jamoat tartibini saqlash hamda aholining xavfsizligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, sodir etilganlarni issiq izidan fosh etish hamda qidiruvdagi shaxslarni ushlash borasida aholi kelib-ketishi uzluksiz bo‘lgan viloyatdagi barcha yirik obyektlar, bayram va tadbirlar o‘tkaziladigan joylar, bozorlar, istirohat bog‘lari, choyxonalar, restoranlar, kafelar, tungi klublar, stadionlar, avtomobillarga gaz va yonilg‘i quyish shoxobchalari, mahallalarga kirish-chiqish joylari yuzidan tanib oluvchi FACE-ID hamda tutash bo‘lgan avtoturargohlar va shahar (tuman)larning kirish-chiqish joylariga davlat raqam belgilarini aniqlovchi video kuzatuv kameralarini o‘rnatish yuzasidan masʼullarga tegishli ko‘rsatma berildi.

Yig‘ilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi

Xorazm viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech