31 Avgust 2024 yil 8375

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i, polkovnik R.I.Sultanxodjayevning Davlat mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigi

Assalomu alaykum!

Xorazm viloyati ichki ishlar organlari xodimlarini, aziz faxriylarimizni hamda yurtimiz tinchligini himoya qilib, xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan xodimlarimizning oila aʼzolarini «Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» shiori ostida nishonlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligi eʼlon qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan samimiy tabriklayman.

Har bir davlat va jamiyat taraqqiyotining zamirini avvalo tinchlik-osoyishtalik tashkil etishi inkor etib bo‘lmaydigan haqiqatdir. Shu o‘rinda esa Sizlarning Vatanga mehr va sadoqat bilan qilayotgan har kunlik mehnatingiz O‘zbekiston mustaqilligini yana-da mustahkamlashga xizmat qilmoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash borasida ichki ishlar organlariga yaqindan yordam berib kelayotgan boshqa huquq-tartibot organlari, jamoatchilik vakillari, ayniqsa sohamiz faxriylaridan iborat maslahatchi-murabbiylarimizning amaliy yordamlari va qimmatli maslahatlarini ham alohida eʼtirof etgan holda doimo yuksak qadrlaymiz.

Bugun Yangi O‘zbekiston orzusi ko‘z o‘ngimizda real haqiqatga aylanmoqda. Xalqaro maydonda Vatanimizga nisbatan hurmat va eʼtibor tobora ortib bormoqda.

Ishonamizki, kelajagimiz bo‘lgan yoshlar yurtimizni yana-da rivojlantirishga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shadilar. Biz esa o‘z navbatida ichki ishlar organlari tomonidan otaliqqa olingan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz.

Qadrli hamkasblar, hurmatli faxriylar!

Sizlarni bugungi ulug‘ ayyom bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka, bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik va osoyishtalikni asrash, jamoat tartibini saqlash, barqarorlikni taʼminlash, qonuniylik hamda huquq-tartibotni mustahkamlashdek masʼuliyatli va sharafli xizmatlaringizda omad va zafarlar tilayman.

Hurmat bilan,

Xorazm viloyati IIB boshlig‘i,

polkovnik Sultanxodjayev Ravshan Irkinovich

Text to speech